Ikki mamlakatning yetakchi tibbiyot muassasalarida 100 nafar shifokor uchun onkologiya, neyroxirurgiya, transplantologiya, kardiojarrohlik va pediatriya yoʻnalishlari boʻyicha qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomoni chegaradosh hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ayrim dori vositalariga boʻlgan ehtiyojni prognoz qilish va ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini koʻrib chiqishni taklif etdi.
Tomonlar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda harakatlarni muvofiqlashtirish hamda ekologik va iqlim bilan bogʻliq xavf-xatarlar sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni muhokama qildi.
Kontekst
Chegaradosh hududlardagi hamkorlik kelishuvlarning eng amaliy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki chegaradosh tumanlar aholisi uchun ba’zan oʻz mamlakatidagi shifoxonadan koʻra qoʻshni davlatdagi shifoxona yaqinroq boʻlishi mumkin. Asosiy masala esa bunday tibbiy yordamni qanday tartibda rasmiylashtirish bilan bogʻliq. Stajirovkalar uchun tanlangan mutaxassisliklar roʻyxati ham e’tiborga molik: onkologiya, neyroxirurgiya va transplantologiya oʻzbekistonliklar davolanish uchun xorijga koʻp murojaat qiladigan yoʻnalishlar sirasiga kiradi.
Hamkorlik ikki mamlakat sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida 2025–2026-yillarga moʻljallangan tadbirlar rejasi asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu rejaning amal qilish muddati yakunlanmoqda va hozirda yangi hujjat tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, Qozogʻiston yanada kengroq tashabbusni ilgari surmoqda: turkiy davlatlar uchun tarmoq shaklidagi tibbiyot universitetini tashkil etish, umumiy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va yosh shifokorlarga grantlar ajratish.
Yana oʻqing
Reyestrsiz — davolamang: 2030-yildan boshlab Oʻzbekistonda shifokor yoki farmatsevt boʻlib faqat davlat roʻyxatidan oʻtgan mutaxassislar ishlay oladi.
Oʻzbekistonliklar sogʻliqni saqlash tizimidan mamnun, ammo raqamli infratuzilmadan norozi: Oʻzbekiston sogʻliqni saqlashdan qoniqish boʻyicha 20 ta davlat orasida ikkinchi oʻrinni egalladi, ammo soʻrovda qatnashganlarning 52 foizi tibbiyotda raqamli infratuzilma yetishmasligini muammo deb atadi.