Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari va AQSh davlat kotibi 19-oktabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan uchrashuvda qoʻshma bayonot qabul qildi. Hujjatda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashni kengaytirish, geologik ma’lumotlarni boshqarish boʻyicha tajriba almashish, mintaqa ichida qoʻshilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, Transkaspiy savdo yoʻnalishi infratuzilmasiga sarmoya kiritish va bojxona tartib-taomillarini uygʻunlashtirish masalalari qayd etilgan.

Alohida blok — xavfsizlik: terrorizm, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi, giyohvandlik vositalari va qurol savdosiga qarshi kurash, chegaralarni muhofaza qilish, kiberxavfsizlik va yadroviy materiallar bilan ishlash. Bayonotda summalar, muddatlar va loyihalar roʻyxati yoʻq.

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov geologik qidiruv va qayta ishlashdan tortib mahalliy sanoat klasterlarini yaratishgacha muhim minerallar boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi va buni hamraislikning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri deb atadi. Davlat kotibi Marko Rubio oʻtgan yili Vashingtondagi C5+1 sammiti transport, energetika va moliya sohalarida 25 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga olib kelganini bildirdi.

Kontekst

C5+1 vazirlarining birinchi uchrashuvi 2015-yilda, ham Samarqandda boʻlib oʻtgan, deb ta’kidladi Saidov. C5+1 kotibiyatiga 2025–2026-yillarda Turkmaniston hamraislik qilgan edi: Saidovning soʻzlariga koʻra, shu davrda investitsiya biznes-forumi oʻtkazildi, madaniyat va yangi texnologiyalar sohasida yangi tashabbuslar boshlandi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston bu natijalarga tayanib, kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirishga e’tibor qaratmoqchi. Rubio uchun bu davlat kotibi lavozimida mintaqaga ilk tashrifdir.