Mukofot “Oʻzbekistonda dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish: referent narxlash, raqamli monitoring va ochiq foydalanish” loyihasi uchun berildi. 2026-yilda mukofotlar 15 ta nominatsiya boʻyicha topshirildi, gʻoliblarni mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati aniqladi.

Kontekst

Referent narxlash — tartibga soluvchi organ ishlab chiqaruvchining narxini boshqa mamlakatlardagi narxlar bilan solishtiradi va undan yuqori narxda sotishni taqiqlovchi chegara belgilaydi. Oʻzbekistonda bu usul 2020-yildan beri qoʻllanadi, oʻtgan yilning dekabr oxirida esa referent narxlar qayta koʻrib chiqildi: taxminan 2000 ta dori vositasining ulgurji narxi 40–60 foizga pasaydi.

Bu mexanizm bozor tuzilishi tufayli kerak boʻldi: retsept boʻyicha beriladigan 11 900 dan ortiq dorining taxminan 7600 tasi import qilinadi, ularning qariyb 65 foizi esa faqat Oʻzbekiston uchun ishlab chiqariladi. Ularning narxini xorijdagi narxlar bilan solishtirib boʻlmaydi, shu sababli narxni amalda importyor belgilagan, deyiladi farmatsevtika agentligi ma’lumotida.

Amalda bu shuni anglatadi: narxlari qayta koʻrib chiqilgan dorilarni sotuvchilar belgilangan chegaradan yuqori narxda sota olmaydi. Farmatsevtika agentligi bu 2000 ta dorining narxi xaridorlar uchun 1-martdan, yana taxminan 4000 tasiniki 1-apreldan pasayishini aytgan edi. Usul hamma joyda ishlamaydi: boshqa bozorlarda sotilmaydigan dorilar uchun solishtirish mumkin emas, bu cheklov saqlanib qolmoqda. Loyiha nomidagi “ochiq foydalanish” esa narxlar haqidagi ma’lumot hamma uchun ochiq ekanini bildiradi.

Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarish ham oʻsmoqda: Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, yanvar–avgust oylarida farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 24,9 foizga oshib, 4,4 trillion soʻmni tashkil etdi. Prezident martdagi yigʻilishda mahalliy dorilarning ichki bozordagi ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish vazifasini qoʻydi.

Yana oʻqing