Yangi shahar uchun 20 ming gektar yer ajratilgan, birinchi bosqichda 6 ming gektarda 50 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan, yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyati 200 milliard dollarga baholanmoqda. Hozirda asosan davlat hisobidan 1 ming gektardan ortiq maydonda qurilish ishlari olib borilmoqda, tadbirkorlarga esa 94 gektar yer ajratilgan. Investorlarga berilgan 28 ta uchastkada ish boshlanmagan. Prezident buning sabablari sifatida eskirgan talablar, ruxsatnoma berish tartib-taomillarining choʻzilishi va idoralarning biznes bilan hamkorligi sustligini ta’kidladi.
Muloqot yakunida investitsiya loyihalarini koʻrib chiqish, yer ajratish va infratuzilma toʻlovlarini undirish tartibini qayta koʻrib chiqish qarori qabul qilindi. Uchastkalar Swiss Challenge tamoyili boʻyicha taqsimlanadi: investorning taklifi ochiq e’lon qilinadi, boshqa ishtirokchilar yaxshiroq shartlarni taklif qilishi mumkin, agar bunday shart boʻlmasa, yer tashabbuskorga beriladi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, bosh reja tashabbuslarga xalaqit bermasligi kerak: loyiha shahar manfaatlariga mos kelsa, uchastka maydoni yoki obyektning vazifasini oʻzgartirish mumkin.
Kontekst
Raqamlar nomutanosiblikni koʻrsatadi: 94 gektar — birinchi navbat maydonining bir yarim foizi, qolganini davlat quradi. Yil oxirigacha shaharda kamida 70 ming kishiga moʻljallangan 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan, FIFA standartlaridagi 55 ming oʻrinli stadion esa kelasi yili 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionati oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Bu tadbirlar uchun mehmonxonalar, kafelar va servis, ya’ni hozircha yoʻq xususiy biznes kerak. Qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarini ham yangi shaharga koʻchirish topshirildi.