Majmua tarkibiga maydoni 10 400 kvadrat metrdan ortiq kongress-koʻrgazma markazi, tadbirlar uchun transformatsiyalanadigan zallar, VIP-xonalar va 252 ta avtomobilga moʻljallangan yer osti avtoturargohi kiradi. Maydon xalqaro forumlar, koʻrgazmalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari uchun moʻljallangan. Sarmoya hajmi va qurilish muddatlari ma’lum qilinmagan.
Ochilish prezident investorlar bilan uchrashuvda Yangi Toshkent qurilishiga xususiy sektorni jalb etish sur’atlari imkoniyatlarga mos emasligini, birinchi bosqichdagi 6 ming gektardan tadbirkorlarga atigi 94 gektar ajratilganini, investorlarga berilgan 28 ta lotda esa faol qurilish boshlanmaganini aytgan kuni boʻlib oʻtdi.
Kontekst
Yangi Toshkent uch yildan beri qurilmoqda. Prezidentning aytishicha, davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxonaga yirik mablagʻ yoʻnaltirgan, shaharga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 2 milliard dollardan oshgan (prezident matbuot kotibi). Uchrashuv yakunlari boʻyicha qurilish kompaniyalari uchun infratuzilma toʻlovlari kamaytiriladi: savdo, xizmat koʻrsatish va biznes markazlari uchun 3 baravar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 baravar, madaniy va koʻngilochar maskanlar uchun 10 baravar; yangi tartib allaqachon boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.