Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 21-oktyabrdagi ÖRQ-1184-sonli Qonun ijrosini ta’minlaş maqsadida işlab çiqilgan. Uşbu qonunga köra, lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosi 26 ta harf va uçta harflar birikmasi örniga 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat böladi: Oʻ oʻ harfi Ö ö ga, Gʻ gʻ — Ğ ğ ga, Sh sh — Ş ş ga, Ch ch — Ç ç ga özgaradi. Qonun 2027-yil 22-apreldan kuçga kiradi.
Loyiha hozirgi körinişida tasdiqlansa, qonun kuçga kirgan kundan boşlab davlat organlarining hujjatlari, rasmiy yozişmalari va axborotlari takomillaştirilgan alifboda yuritiladi, OAV materiallari hamda matbaa-naşriyot mahsulotlari esa faqat şu alifboda tayyorlanib, çop etiladi; umumta’lim fanlari böyiça darsliklarni bosqiçma-bosqiç qayta naşr etiş taklif qilinmoqda. ID-kartalar, xorijga çiqiş biometrik pasportlari, haydovçilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangi alifboda rasmiylaştiriladi, biroq amaldagi alifboda yozilgan blankalardan 2028-yil 1-yanvargaça foydalanişga ruxsat beriladi.
Loyihaning alohida bandida alifbodagi özgarişlar tufayli domen nomlari, elektron poçta manzillari, foydalanuvçi nomlari, loginlar, hisobvaraq va şartnoma raqamlari hamda boşqa betakror texnik va hisob identifikatorlarini majburiy almaştiriş hamda qayta röyxatdan ötkaziş talab etilmasligi belgilab qöyilgan. Şuningdek, familiya eski yoki yangi alifbo harflari bilan yozilganini sabab qilib, fuqaroning şaxsini tasdiqlaş, unga davlat xizmatini körsatiş yoki hujjatlarini qabul qilişni rad etişga ham yöl qöyilmaydi.
Muhokamada aksariyat iştirokçilar hujjatlarni amal qiliş muddati tugagunga qadar majburiy almaştirmaslik, ularni bepul yangilaş hamda Ş va Ç harflarini avvalgi holatida qoldirişni söramoqda, takliflardan birida esa faqat Ö va Ğ harflarini özgartiriş ma’qullangan. Köp takrorlanayotgan dalil — savodxonlikka xavf tuğilişi: iştirokçilarning bir qismi hali hamma ham amaldagi lotin alifbosini töliq özlaştirib olmaganini yozmoqda. Bunga qarama-qarşi fikrlar ham mavjud: ayrim iştirokçilar yangi alifboga tezroq ötişni söramoqda. Hujjat matniga bildirilgan e’tirozlar qatorida 8 va 9-bandlarda moliyalaştirişga oid me’yorlarning qisman takrorlangani qayd etilgan hamda Texnik jihatdan tartibga soliş agentligini özbek yozuvining raqamli standarti töğrisidagi band ijroçilari röyxatidan çiqarib taşlaş iltimos qilingan.
Kontekst
Qonun kuçga kirgunga qadar rasmiylaştirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlardagi harflarning avvalgi şakli ularning amal qilişiga va muomalada bölişiga tösqinlik qilmaydi. Avvalgi harflar tuşirilgan peşlavhalar, körsatkiçlar va gerbning börtma tasvirlaridan esa yaroqsiz holga kelgunça yoki çora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatgaça foydalaniladi. Qonun Vazirlar Mahkamasiga bunday dasturni ikki oy muddatda işlab çiqiş va tasdiqlaş majburiyatini yuklagan edi, qaror loyihasi esa aynan şu dasturni ilova orqali tasdiqlamoqda. Loyihada peşlavhalar, körsatkiçlar va qadoqlarni qanday özgartiriş taklif etilayotgani haqida Kontekst alohida yozgan edi.
Şu mavzuda