Loyihaga köra, 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgaça qadoq va yorliqlarda amaldagi hamda yangi alifbodan parallel ravişda foydalanişga ruxsat beriladi: uşbu on ikki oy davomida tadbirkorlar dizayn va bosma qoliplarni bosqiçma-bosqiç yangilaşlari kerak böladi. 2028-yil 22-apreldan boşlab yangi buyurtmalar asosida çop etiladigan qadoq va yorliqlar uçun yangi alifbo majburiy böladi. Eski harflar tuşirilgan qadoqlaş materiallarining mavjud zaxiralaridan 2029-yil 22-aprelgaça foydalanişga ruxsat beriladi, qonuniy markirovkalangan mahsulotlar savdosini esa yaroqlilik muddati tugagunga qadar saqlab qoliş taklif etilmoqda.

Davlat organlari va xöjalik birlaşmalarining peşlavhalari hamda axborot yozuvlari qonun kuçga kirgan sanadan e’tiboran yangi alifboga moslaştiriladi. Loyihaga köra, jamoatçilik muhokamasi 6-dekabrgaça davom etişiga qaramay, buning uçun reja-jadval 2026-yil noyabr oyida işlab çiqilişi kerak. Savdo va xizmat körsatiş obyektlaridagi yozuvlar 2027-yildan boşlab reja asosida yangilanadi, bu iş bilan Qoraqalpoğiston, viloyatlar va Toşkent şahar hokimliklari şuğullanadi.

Rejaga köra, 2027-yildan boşlab transport va yöl infratuzilmasi obyektlaridagi axborot yozuvlari almaştiriladi, yöl körsatkiçlari, yöl belgilaridagi yozuvlar va manzil ma’lumotlari yangilanadi. Aeroportlar, vokzallar va boşqa jamoat joylaridagi yozuvlar yangi alifboga ötkaziladi, yönalişlar, bekatlar va xizmatlar haqidagi ma’lumotlar esa avtobuslar, metro va temir yöllarda joylaştiriladi. Ijroçilar qatorida Transport vazirligi, Transport inspeksiyasi, Avtomobil yöllari qömitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, «Özbekiston temir yöllari», «Uzbekistan Airports», «Uzairways», «Toşşahartransxizmat» va «Toşkent metropoliteni» hamda hokimliklar keltirilgan. Elektron tablolar, mediaekranlar va axborot kiosklaridagi matnlar qonun kuçga kirgan kundan boşlab yangi alifboga ötkaziladi.

Şu sanadan boşlab ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladigan axborot va materiallar, şuningdek, matbaa va naşriyot mahsulotlari faqat yangi alifboda tayyorlanadi. Bunda domen nomlari, elektron poçta manzillari, loginlar, hisob va şartnoma raqamlarini özgartiriş hamda qayta röyxatdan ötkaziş talab etilmaydi.

Kontekst

2026-yil 21-oktyabrdagi ÖRQ-1184-sonli Qonun lotin yozuviga asoslangan alifboning tört harfini özgartirdi: O’ o’ — Ö ö, G’ g’ — Ğ ğ, Sh sh — Ş ş, Ch ch — Ç ç. Alifboda jami 28 ta harf va bitta tutuq belgisi mavjud. Loyihada Davlat gerbi va davlat mukofotlaridagi yozuvlarda «g’», «o’», «sh», «ch» harflarini özgartiriş alohida band sifatida nazarda tutilgan: bu böyiça takliflar 2027-yil iyuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritilişi lozim.

Loyihada hujjatlar haqida nima deyilganini alohida tahlil qilgan edik.

Şu mavzuda