Xabarnoma yuborish shartlaridan biri — Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish. Hujjatda ushbu talab xorijdan faoliyat yuritayotgan platformalarga tatbiq etilishi yoki etilmasligi aniq koʻrsatilmagan. Lexcell yuridik firmasining tahliliga koʻra, agentlik buyruq faqat Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan operatorlarga taalluqli degan pozitsiyada. Biroq bu cheklov normativ hujjatda mustahkamlanmagan.

12-dekabrdan OʻRQ-1173-sonli qonun kuchga kiradi. U operatorlarga tovarlarni saralash algoritmlarini oshkor etish, foydalanuvchilar sharhlarini oʻzgartirmasdan saqlash, sotuvchilarning litsenziyalarini tekshirish hamda sotuvchi xaridor talablarini qondira olmagan taqdirda subsidiar javobgarlikni oʻz zimmasiga olish majburiyatini yuklaydi. Elektron savdo maydonchalari orqali jismoniy shaxslarga tovar sotadigan xorijiy kompaniyalar ham shu sanadan boshlab 12 foizlik stavka boʻyicha QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishi shart.

Kontekst

Mamlakatda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish talabi, ya’ni «mahalliy ishtirok» mexanizmi platformani tartibga soluvchi organlar va sudlar vakolati doirasiga kiritishga xizmat qiladi. Mamlakatda yuridik shaxs boʻlmasa, platformaga nisbatan sudga da’vo kiritish va jarimalarni undirish qiyinlashadi. Bu amaliy ahamiyatga ega masala: toʻqqiz oy davomida Raqobat qoʻmitasiga onlayn savdo boʻyicha 1230 ta murojaat kelib tushgan. Bu savdo sohasidagi barcha shikoyatlarning beshdan bir qismini tashkil etadi. Murojaatlarning yarmidan koʻpi esa bitta ekotizimga tegishli boʻlgan. Xaridorlar uchun oʻzgarishlarning ahamiyati shundaki, platformalar sotuvchilar majburiyatlari boʻyicha ham javobgar boʻladi, foydalanuvchilar sharhlarini esa oʻzgartirish mumkin boʻlmaydi. Xorijiy xizmatlar uchun yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish talabidagi noaniqlik huquqiy xavf tugʻdiradi: normativ hujjat rasman agentlik hozir qoʻllayotgan yondashuvdan kengroq talqin qilinishi mumkin.