Uyushma bayonotiga koʻra, tadbirkorlar tashqi iqtisodiy faoliyatni mustaqil olib boradi. Xorijiy brendlar bilan hamkorlik shartlari, narxlar va texnik talablar esa eksportchi hamda xaridor oʻrtasidagi tijorat kelishuvlari asosida belgilanadi.
Uyushma Prezidentning 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-son Farmoni bilan tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, yangi texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashish, eksport salohiyatini oshirish va mahsulotlarni tashqi bozorlarda ilgari surishga yordam berishdan iborat.
Uyushma, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi va axborotni rasmiy manbalardan olishga chaqirdi.
Kontekst
Uyushmaning bayonoti toʻqimachilik sanoatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilinayotgan bir paytda e’lon qilindi.
24-sentabr kuni Andijonda boʻlib oʻtgan yigʻilishda Prezident tayyor mahsulot eksportchilarining kreditlari boʻyicha foiz stavkasining xorijiy valyutada 5 foizdan, soʻmda esa 14 foizdan oshgan qismini qoplash, shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan tovarlar qiymatining 3 foizi miqdorida kompensatsiya ajratish boʻyicha hisob-kitoblar tayyorlashni topshirdi.
Bunday choralar paxtaga boʻlgan jahon talabining pasayishi va logistika xarajatlarining oshishi bilan izohlanmoqda.