Nizom Markaziy bank boshqaruvining 28-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan, 19-oktyabrda Adliya vazirligida 3956-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan va 20-oktyabrdan kuchga kirgan.
Qumdon nima va u nima uchun kerak?
Tartibga solish qumdoni — alohida huquqiy rejim: kompaniya yangi moliyaviy xizmatni nazorat ostidagi sharoitlarda sinovdan oʻtkazadi, Markaziy bank esa mijozlar doirasi va sonini, operatsiyalar hajmi va hududini cheklaydi. Sinovdan oʻtkazilayotgan xizmat uchun regulyator qonunchilikning qaysi normalari unga nisbatan vaqtincha qoʻllanilmasligini belgilaydi.
Nizomda keltirilgan maqsadlar: bozorda raqobatni oshirish, moliyaviy xizmatlar toʻplamini kengaytirish va ularni yanada qulayroq qilish, mijozlar huquqlari va moliyaviy tizim barqarorligiga zarar yetkazmagan holda yangi xizmatlarni joriy etish, muvaffaqiyatli sinovlar natijalariga koʻra esa qonunchilikni takomillashtirish.
Uchta trek
Innovatsiya treki — bozorda hali qoʻllanilmagan yondashuvlarga asoslangan xizmatlar uchun. Sinov muddati standart, uch yilgacha. Sinovlar muvaffaqiyatli deb topilsa, Markaziy bank huquqiy toʻsiqlarni bartaraf etish, jumladan qonunchilikka oʻzgartirishlar tayyorlash choralarini koʻradi.
Akseleratsiya treki — Oʻzbekiston uchun yangi, ammo boshqa mamlakatlarda allaqachon sinovdan oʻtgan yoki joriy etilgan xizmatlar uchun. U faqat Markaziy bankning oʻzi ishga tushiradigan tematik qumdonlarda ishlaydi, arizachilardan kamida bittasi esa Markaziy bank nazoratidagi tashkilot boʻlishi kerak. Sinov 12 oygacha davom etadi va yana yarim yilga uzaytirilishi mumkin, ariza beruvchi esa xizmatni kengaytirish mumkinligini koʻrsatishi kerak.
Texnologik hamkorlik treki — Markaziy bank nazoratidagi tashkilotlarning xizmatlarini yaxshilaydigan va amaldagi me’yorlarni buzmaydigan texnologik yechimlar uchun. Yakunlarga koʻra regulyator xizmatni yaxshilash va uni keng qoʻllashga e’tirozi yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.
Qumdonga qanday kirish mumkin
Oʻzbekiston rezidenti boʻlgan yuridik shaxs arizachi boʻlishi mumkin. Arizalar maxsus elektron platforma orqali topshiriladi, koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
Dastlabki maslahat joriy etildi. U majburiy emas: soʻrovdan soʻng Markaziy bank besh ish kuni ichida uni qanday tashkil etishni hal qiladi.
Ariza 2022-yildagi avvalgi nizomga koʻra ham 40 ish kunida koʻrib chiqiladi, ammo qaror haqida endi bir ish kuni ichida xabar beriladi.
Hujjatlar toʻplamiga kiberxavfsizlik, shaxsga doir ma’lumotlar va bank sirini himoya qilish choralari albatta kiritilishi shart. Ular boʻlmasa, ariza rad etiladi.
Bu amalda nima beradi?
Kompaniyalarga. Yangi xizmatni qonunlar oʻzgarishini kutmasdan, cheklangan miqdordagi mijozlarda sinab koʻrish mumkin. Muvaffaqiyatli sinovlardan soʻng Markaziy bank tuzatishlar kiritilgunga yoki litsenziya olingunga qadar ishni davom ettirishga ruxsat berishi mumkin, biroq sinovlar va ulardan keyingi ishlarning umumiy muddati uch yildan oshmasligi kerak.
Mijozlarga. Ishtirokchi xizmat sinov rejimida ekanligi haqida ogohlantirib, xavf-xatarlar haqida ma’lumot berishi, reklamada esa bu sinov rejimi ekanligini koʻrsatishi shart. Shartnomalarni qumdon muddatidan uzoqroq muddatga tuzish mumkin emas. Mijozga yetkazilgan zararni, shu jumladan kompaniyaning xatosi tufayli, kompaniya qoplashi kerak, mijozlarni esa kiberfiribgarlik va fishing haqida ogohlantirish kerak.
Bozor va regulyatorga. Sinov natijalari qoidalarni oʻzgartirish uchun asos boʻladi: agar xizmat ishlayotgan va xatarlar boshqariladigan boʻlsa, Markaziy bank tuzatishlar tayyorlaydi, agar bunday boʻlmasa, qumdon yopiladi. Shu bilan birga, mijozlar bilan allaqachon tuzilgan shartnomalar amal qilishda davom etadi, toʻplangan ma’lumotlar esa, agar qonun ularni saqlashni talab qilmasa, oʻchirib tashlanadi.
Maqom qachon bekor qilinishi mumkin
Kompaniya vaqtinchalik tartibda koʻrsatilgan sanadan yarim yildan ortiq vaqt oʻtsa ham sinovlarni boshlamagan yoki yarim yil davomida ularni oʻtkazmagan.
U ikki va undan ortiq marta vaqtinchalik tartib shartlarini buzgan yoki notoʻgʻri ma’lumotlarni taqdim etgan.
Mijozlarning ma’lumotlari yoki bank siri sizib chiqqan yoki yoʻqolgan jiddiy kiberhodisa yuz bergan.
Kompaniya litsenziyasi bekor qilingan yoki u bankrot boʻlgan.