Ma’lumotlar «Pochta sektori holati — 2026» hisobotida keltirilgan. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi. Indeks milliy pochta tizimlarining samaradorligi va ularning xalqaro pochta tarmoqlariga integratsiyalashuv darajasini baholaydi. Taqqoslash uchun, ittifoqning 2023-yilgi hisobotiga koʻra, «Oʻzbekiston pochtasi» 115-oʻrindan 74-oʻringa koʻtarilgan. 2023-yil oktabrda Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan ittifoqning navbatdan tashqari kongressida esa mamlakat «Pochta taraqqiyotining yuksalayotgan yulduzi» mukofotiga sazovor boʻlgan.

Kontekst

Bugungi kunda pochta tizimining ahamiyati faqat xatlarni yetkazib berish bilan cheklanmaydi. Pochta operatorlari elektron tijoratga ham xizmat koʻrsatadi. Mahalliy sotuvchilarning xorijiy xaridorlarga mahsulot yetkazib berish imkoniyati esa koʻp jihatdan logistika tezligi va samaradorligiga bogʻliq. Oʻzbekistonda bu sohada hali muammolar mavjud: foydalanuvchilarning 31 foizi onlayn xarid qiladi, Qozogʻistonda esa bu koʻrsatkich 50 foizni tashkil etadi. Elektron tijoratning chakana savdo aylanmasidagi ulushi taxminan 4 foizga teng. Shu bilan birga, bozorga xususiy kompaniyalar ham kirib kelmoqda. Wildberries Toshkent yaqinida 7500 ta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan, qiymati 140 million dollarlik logistika majmuasini tashkil etish boʻyicha kelishuv imzoladi. Qurilish oktabr oxirida boshlanishi rejalashtirilgan.

Reytingda yuqorilayotgan «Oʻzbekiston pochtasi»ning moliyaviy imkoniyatlari esa rejalashtirilgan investitsiyalarga nisbatan cheklangan. Kompaniya 1992-yilda tashkil etilgan, 2014-yilda aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Bugungi kunda uning tarmogʻi 1602 ta aloqa boʻlimini qamrab oladi, xodimlari soni esa 7000 nafardan oshadi. Huquqiy jihatdan operator aksiyadorlik jamiyati boʻlsa-da, uning aksiyalaridagi asosiy ulush davlatga tegishli. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) ma’lumotlariga koʻra, aksiyalarning 92,9 foizi ilgari davlat tashkilotlari, davlat korxonalari va tijorat banklariga tegishli boʻlgan. Hozir ushbu ulush toʻliq agentlik tasarrufiga oʻtkazilgan. Qolgan aksiyalar kimga tegishli ekaniga Gazeta.uz aniqlik kiritmagan.

Kuzda «Oʻzbekiston pochtasi» atrofidagi bahslar kuchaydi. Dastlab kompaniyadagi davlat ulushini sotish ehtimoli haqida xabarlar tarqaldi. Potensial xaridorlar sifatida Wildberries va Uzum nomlari tilga olindi. Keyin 21-sentabr kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida toʻqqiz kishidan iborat yangi kuzatuv kengashi saylandi. Gazeta.uz ma’lumotlariga koʻra, uning besh nafar a’zosi Wildberries («RVB») bilan aloqador. Kompaniya oʻz ishtirokini pochta operatorini modernizatsiya qilishga koʻmaklashish istagi bilan izohladi. Oʻsha yigʻilishda aksiyadorlarga Wildberries bilan bogʻliq tuzilmadan 100 mlrd soʻm qarz olish taklif etildi. Biroq ovoz berishda qatnashganlarning hech biri bu taklifni qoʻllab-quvvatlamadi. DABA xususiylashtirish haqidagi xabarlarni rad etdi. Agentlikning bildirishicha, davlat ulushini sotish boʻyicha hujjatlar mavjud emas, qarz shartnomasi ham tuzilmagan.

Moliyaviy koʻrsatkichlar kompaniyaning nima uchun qoʻshimcha mablagʻga ehtiyoji borligini koʻrsatadi. 2025-yil uchun Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tuzilgan hisobotga tayanib, Kursiv Uzbekistan xabar berishicha, kompaniya tushumi uchdan bir qismga oshib, 795,4 mlrd soʻmga yetgan. Operatsion faoliyat ham foyda keltira boshlagan: operatsion foyda 19,7 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bir yil avval esa bu faoliyatdan 18,1 mlrd soʻm zarar koʻrilgan edi. Sof zarar ham 24,9 mlrd soʻmdan 578,5 mln soʻmgacha qisqargan.

Biroq moliyaviy ahvol barqarorlashdi, deyishga hali erta. Gazeta.uz ma’lumotlariga koʻra, 2026-yilning birinchi yarmida tushum 17 foizga kamayib, 313,6 mlrd soʻmni tashkil etgan. Operator 16-maydan boshlab yoʻl harakati qoidalarini buzganlik toʻgʻrisidagi qarorlarni yetkazib berishni toʻxtatgan. Bu xizmat uning asosiy daromad manbalaridan biri edi. Kompaniyaning moliyaviy zaxiralari ham cheklangan: 2024-yilda rentabellik taxminan 0,2 foizni tashkil etgan, banklar oldidagi qarzdorlik 45,3 mlrd soʻmga yetgan. Yangi avtomobillar, saralash markazi, IT-tizimlar va pochtamatlar uchun esa 300 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ talab etiladi.

Bu nimani anglatadi?

Jahon pochta ittifoqi reytingida yuqorilash Oʻzbekiston pochta tizimining xalqaro tarmoqlarga integratsiyalashuvi va xizmat koʻrsatish koʻrsatkichlari yaxshilanganidan dalolat beradi. Biroq operatorning moliyaviy ahvoli hamon murakkab: sof foydaga chiqishga hali erishilmagan, zarur investitsiyalar hajmi esa mavjud moliyaviy imkoniyatlardan ancha yuqori.

Sotuvchilar va xaridorlar uchun yetkazib berish narxi hamda tezligi koʻp jihatdan operator modernizatsiya uchun mablagʻni qayerdan jalb qilishiga — davlat budjetidanmi, kredit hisobidanmi yoki xususiy hamkor orqali — bogʻliq boʻlishi mumkin. Kompaniya aksiyalarining bir qismi kimga va qanday shartlarda sotilishi masalasi hozircha rasman hal etilmagan. Shu sababli ehtimoliy oʻzgarishlarning tariflar va yetkazib berish muddatlariga ta’sirini baholashga hali erta.