Idora ma’lumotlariga koʻra, fuqaro I.M. bankka $500 ming omonat joylashtirgan. Bankning mas’ul xodimlari uning nomidan soxta ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib, $300 mingni oʻzlashtirgan. Qoidabuzarlikni departamentning Sergeli tuman boʻlimi surishtiruv tekshiruvi davomida aniqladi.

Ish Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki ayirmachilik yoʻli bilan talon-taroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni soxtalashtirish) boʻyicha qoʻzgʻatilgan. Bankning nomi, gumonlanuvchilar soni va lavozimlari oshkor etilmaydi. Gumonlanuvchilarning aybi sud tomonidan aniqlanmagan.

Kontekst

Departament shuningdek Andijon viloyatidagi bank bosh mutaxassisi ushlanganini xabar qildi. Tergov versiyasiga koʻra, u kredit qarzi sababli qoʻyilgan chet elga chiqish taqiqini olib tashlashni va’da qilib, 5,5 mln soʻm olgan.