Platformaga nimalar kiritiladi
Platforma jinoyatlar sabablari, mas’ul idoralar va körilgan çoralarning elektron reyestrini yuritişi, hududlar, mahallalar va jinoyat turlari böyiça jinoyatçilik dinamikasining yarim yillik va yillik prognozlarini qilişi, kriminogen barqarorlik indeksini hisoblaşi va reytingni yuritgan holda idoralar işini KPI böyiça baholaşi kerak.
Idoralar ma’lumotlarni «E-integratsiya» platformasi orqali avtomatik tarzda uzatadi. Bular — «Elektron jinoyat-huquqiy statistika», E-material, E-muhokama, E-ijtimoiy profilaktika axborot tizimlari, 112 yagona dispetçerlik xizmati va Yagona davlat xizmatlari portali. Bundan taşqari, profilaktik hisob, probatsiya, ma’muriy nazorat, nizoli oilalar, himoya orderlari va voyaga yetmaganlar bilan işlaş böyiça ma’lumotlar mavjud.
Farmonda işsizlik, kambağallik, migratsiya, ta’lim, ijtimoiy yordam, oilaviy nizolar, soğliqni saqlaş, alkogolizm, giyohvandlik va ruhiy kasalliklar bilan boğliq xavf körsatkiçlari alohida örin olgan. Köçalarni yoritiş va videokuzatuv ma’lumotlari hamda fuqarolar murojaatlari, işonç telefonlari, ommaviy axborot vositalari va oçiq manbalar monitoringi natijalari ham şu yerda. Ma’lumotlarni taqdim etmaganlik, keçiktirganlik yoki notöğri ma’lumotlarni kiritganlik uçun javobgarlik belgilangan.
2027-yil mart oyi yakuniga qadar vazirlik va idoralar mahalla, tuman (şahar) va viloyatlar kesimida zarur ma’lumotlarni töliq xatlovdan ötkazib, raqamlaştirişi va öz tizimlarini platformaga ulaşga tayyorlaşi lozim.
Prognozdan keyin nima sodir böladi
Prognoz xavotirli bölsa, mahalliy hokimiyat xabarnoma oladi. Uç kun içida hokim boşçiligida idoralararo tezkor ştab tuziladi. Bir oy içida xavf omillari, jinoyatlar sabablari va idoralar işidagi kamçiliklar aniqlanadi hamda bir yillik manzilli çora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi. Yarim yil yakunlari böyiça samaradorlik baholanadi va zarur hollarda çora-tadbirlar qayta körib çiqiladi, yil yakunlari böyiça esa rejani bajarmagan mansabdor şaxslarning javobgarligi töğrisidagi masala hal etiladi. Vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari huquqbuzarliklar profilaktikasi uçun şaxsiy javobgar bölib, har çorakda KPI böyiça Boş prokuraturaga hisobot beradilar.
IIV Operativ vaziyatni tahlil qiliş boşqarmasi alohida rol öynaydi. U vaziyat keskinlaşişi mumkin bölgan hududlar, mahallalar, jinoyat turlari va şaxslar toifalari böyiça barvaqt ogohlantiruvçi xabarlarni tayyorlaydi hamda ular asosida patrul xizmati, profilaktika va probatsiya xizmatlari, tergovga qadar tekşiruv bölinmalari va tezkor-qidiruv bölinmalari işini yönaltiradi. Uning topşiriqlari hududiy içki işlar organlari uçun majburiydir.
Uçta çeklov
Farmon tizimdagi harakatlar audit-logini yuritişni va ma’lumotlarni şaxssizlaştirişni talab qiladi. Alohida normada aytilişiça, sun’iy intellekt yordamida prognoz va tahlil qiliş natijalari insonga nisbatan huquqiy oqibatlarni keltirib çiqaradigan qaror qabul qiliş uçun mustaqil asos böla olmaydi.
4-noyabr kuni prezidentga takliflar taqdim etilganda, na muddatlar, na ma’lumotlar röyxati, na bu çeklovlar aytilmagan edi — biz bu haqda 5-noyabr kuni yozgan edik. Endi ular hujjatda bor.
Kontekst
Amaldagi «Huquqbuzarliklar profilaktikasi töğrisida»gi qonun 2014-yil 14-mayda qabul qilingan. Şaxsiy ma’lumotlarga işlov beriş ÖRQ-547-sonli qonun bilan tartibga solinadi. U maxsus şaxsiy ma’lumotlar qatoriga, xususan, ruhiy salomatlik, sudlanganlik va ijtimoiy kelib çiqiş töğrisidagi ma’lumotlarni kiritadi va umuman olganda, ularni qayta işlaşni taqiqlaydi. Qonun istisnolarni sanab ötadi: masalan, şaxsning yozma roziligi, davlat xavfsizligini ta’minlaş, qözğatilgan jinoyat işi böyiça sudlar va huquqni muhofaza qiliş organlarining işi, ma’lumotlar şaxssizlaştirilgan taqdirda statistika. Uşbu asoslardan qaysi biri platformadagi soğliq haqidagi ma’lumotlarga nisbatan qöllanilişi farmonning asosiy qismida körsatilmagan. 2028-yildan boşlab Boş prokuratura har yili prezidentga tahliliy axborotnoma taqdim etadi: unda prognozlar aniqligi, idoralarning KPI körsatkiçlari va Özbekistondagi kriminogen vaziyatning MDH davlatlari bilan taqqoslaşi keltiriladi.
Şu mavzuda