Vazirning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki-uch yil ichida Ozarbayjon orqali yuk tashish hajmi ikki baravar oshgan. Oʻzbekiston Kaspiy dengizi orqali yuk tashish imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda.
Forumda neftni qayta ishlash sohasiga investitsiya kiritish hamda SOCAR kompaniyasining Oʻzbekistonda yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Loyihalarni amalga oshirish muddatlari, investitsiya miqdori va tomonlarning ulardagi ishtiroki qanday boʻlishi hozircha ma’lum qilinmagan.
Laziz Qudratov transport aloqalari va investitsiyalarga bagʻishlangan panel muhokamasida ishtirok etib, sanoat kooperatsiyasi, yashil energetika, kapital bozorlari, raqamli iqtisodiyot va kadrlar tayyorlashni hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etdi.
Forumda 3 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Kontekst
Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali oʻtuvchi Oʻrta yoʻlak Oʻzbekiston uchun Rossiya va Eron orqali oʻtadigan transport yoʻnalishlariga muqobil hisoblanadi.
Ozarbayjon kompaniyalari Oʻzbekistonda ham faoliyat yuritmoqda. 1-sentabr holatiga koʻra, mamlakatda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 503 ta korxona faoliyat koʻrsatgan. Ozarbayjon ushbu koʻrsatkich boʻyicha xorijiy davlatlar orasida yettinchi oʻrinni egallagan.
Oʻtgan haftada Oʻzbekiston va SOCAR vakillari Ustyurt hududidagi loyihalar boʻyicha ishlarni jadallashtirish, shuningdek, neft va neft mahsulotlari importi masalalarini muhokama qilgan edi.