Ijtimoiy tarmoq tasmasi, «bugun ertalab» izohi bilan suv toşqinining çiroyli surati. Yonida esa umuman bunday gaplarni aytmagan taniqli iqtisodçining monologi. Undan ham pastroqda boşdan-oyoq neyrotarmoq yozgan maqola. Haqiqiy narsani sun’iy yaratilganidan şunçaki qarab ajratiş tobora qiyinlaşib bormoqda.
Nazorat qiluvçi organlar körinişidan oddiy yeçimni taklif qilişmoqda: sun’iy intellekt (SI) kontenti özi maşina tomonidan yaratilganini ma’lum qilsin. 2025–2026-yillarga kelib, dunyoning eng yirik iqtisodiyotlarida belgilaş ixtiyoriy amaliyotdan qonuniy majburiyatga aylandi.
Belgilaşning ikki turi
Körinadigan belgi inson uçun möljallangan. Bu — post ostidagi «SI yordamida yaratilgan» yozuvi, video burçagidagi maxsus belgi yoki audio boşlanişidagi ovozli ogohlantiriş.
Yaşirin belgi esa maşinalar uçun möljallangan. Faylga metama’lumotlar yoki közga körinmas raqamli suv belgisi kiritiladi: unda kontentni kim va nima yordamida yaratgani hamda qaçon tahrirlangani yoziladi. Inson bu ma’lumotlarni körmaydi, ammo ularni ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari va tekşiruv dasturlari öqiy oladi. Masalan, yirik texnologik va media kompaniyalarni öz içiga olgan C2PA koalitsiyasining Content Credentials standarti aynan şu tamoyil asosida işlaydi.
Yevropa: 2026-yil avgustdan boşlab kuçga kiradigan majburiyat
Yevropa Ittifoqining sun’iy intellekt töğrisidagi reglamentining 50-moddasi 2026-yil 2-avgustdan boşlab amal qiladi. U majburiyatlarni ikki guruh örtasida taqsimlaydi.
Generativ sun’iy intellekt yaratuvçi kompaniyalar matn, rasm, video va audiolarga maşina öqiy oladigan belgi kiritişi kerak. Kontent e’lon qiluvçilar esa dipfeyklarni, şuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega mavzulardagi SI yordamida yozilgan matnlarni oçiq-oydin belgilaşi şart. Çat-botlar va virtual yordamçilar foydalanuvçiga maşina bilan muloqot qilayotganini ma’lum qilişi lozim.
Tahririyatlarga oid qiziqarli bir jihat bor. Agar matnni inson tekşirgan bölsa va tahririyat u uçun javobgarlikni öz zimmasiga olsa, bunday matnni belgilamaslik mumkin. Ya’ni qonun uçun sözlar nima yordamida terilganidan köra, ular uçun kim javob berişi muhimroqdir.
2026-yil iyun oyida Yevrokomissiya belgilaş böyiça amaliyot kodeksini e’lon qildi. Unda bir vaqtning özida bir neçta himoya qatlami, masalan, suv belgilari bilan birga metama’lumotlardan foydalaniş hamda körinadigan qaydlar uçun yagona belgi joriy etiş taklif etiladi. Şaffoflik qoidalarini buzganlik uçun 15 million yevrogaça yoki kompaniyaning yillik aylanmasidan 3 foiz miqdorida jarima solinişi mumkin. Mahsulotlarini 2-avgustgaça çiqarganlarga maşina öqiy oladigan belgilarni qöşiş uçun dekabrgaça muhlat berildi.
Xitoy: belgilarni öçiriş taqiqlanadi
Xitoy majburiy belgilaşni birmunça avvalroq joriy etgan edi. 2025-yilning mart oyida Kibermakon boşqarmasi boşçiligidagi törtta idora tomonidan tasdiqlangan qoidalar 2025-yil 1-sentyabrdan buyon amal qilmoqda. Servislar ham körinadigan, ham yaşirin belgilarni qöyişi şart. Platformalar kontentni tekşirişi va uni sun’iy, ehtimol sun’iy yoki şubhali sifatida belgilaşi lozim. Foydalanuvçilar esa kontentni e’lon qilişda uning SI tomonidan yaratilganini özlari ma’lum qilişlari kerak.
Belgilarni öçiriş, özgartiriş yoki yaşiriş, şuningdek, bu işga möljallangan vositalarni taklif etiş alohida taqiqlangan. Bu har qanday belgilaş tizimining asosiy zaif nuqtasiga qarşi çora hisoblanadi.
Nega belgilar barça muammolarni hal qila olmaydi?
Metama’lumotlarni yöqotiş juda oson. Buning uçun skrinşot oliş yoki rasmni fayllarni siqadigan messenjer orqali yuborişning özi kifoya. Körinmas suv belgilari işonçliroq, ammo tadqiqotçilar ularni ham öçirib taşlaş usullarini muntazam namoyiş etib kelmoqda. Şu bois Yevropa kodeksi bir vaqtning özida bir neçta himoya qatlami bölişini talab qiladi: biri yöqolsa, boşqasi saqlanib qoladi.
Masalaning teskari xavfi ham bor. Odamlar belgilarga örganib qolgaç, belgilanmagan har qanday kontent öz-özidan haqiqiydek tuyula boşlaydi. Biroq ataylab soxta kontent yaratadiganlar köpinça unga heç qanday belgi qöymaydi. Belgilaş töğrisidagi qonun bozorning halol iştirokçilarini intizomga soladi, nohalol iştirokçilar bilan esa, avvalgidek, boşqa çoralar yordamida kuraşişga töğri keladi.
Özbekistonda vaziyat qanday?
2025-yil aprel oyida Oliy Majlis sun’iy intellekt töğrisidagi qonun loyihasini birinçi öqişda qabul qilayotganida, deputatlar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan axborot resurslarini belgilaş talabi haqida ham gapirgan edilar. 2026-yil yanvarda imzolangan ÖRQ-1115-sonli Qonun bilan «Axborotlaştiriş töğrisida»gi Qonunga sun’iy intellektga oid qoidalar kiritildi. Biroq Yevropa yoki Xitoy tajribasiga öxşaş, texnik standartlar va belgi turlarini öz içiga olgan batafsil tartib hozirça yöq.
Şunga qaramay, özbekistonlik foydalanuvçilar xalqaro platformalarda bunday belgilarga allaqaçon duç kelişmoqda. Qolaversa, Yevropa qoidalari sun’iy intellekt mahsuloti Yevropa Ittifoqida taqdim etilgan har qanday kompaniyaga, jumladan, Yevropa bozori uçun işlaydigan Özbekiston IT-kompaniyalariga ham taalluqlidir.
Kontentni qanday qilib mustaqil tekşiriş mumkin?
Belgi — yagona alomat emas. Şubhali fotosurat, video yoki iqtibosni ulaşişdan oldin özingizga bir neçta savol berib körganingiz ma’qul. Buni birinçi bölib kim e’lon qildi? Bu xabar işonçli ommaviy axborot vositalarida bormi? Agar bu iqtibos bölsa, öşa çiqişning yozuvi mavjudmi? Qidiruv tizimlarida rasm böyiça teskari qidiruv köpinça «yangi» fotosurat aslida eski ekanligini yoki boşqa mamlakatda olinganligini körsatib beradi.
Tahririyatlar va blogerlar generatsiya qilingan illyustratsiya hamda matnlarni qanday belgilaşni oldindan hal qilib olişlari kerak. Qonun talab qilmagan taqdirda ham, soxtalik foş bölib, öquvçilar işonçini yöqotgandan köra, «illyustratsiya sun’iy intellekt yordamida yaratilgan» degan halol izohni qoldirgan afzalroq.
Köz oldingizda nima turganini biliş huquqi
Belgilaş barça soxtaliklardan himoya qilmasa-da, odatiy qoidalarni özgartiradi. Ilgari suratning haqiqiy yoki soxta ekanligini foydalanuvçining özi tekşirişi kerak edi. Endi esa bu mas’uliyatning bir qismi kontent yaratuvçilar va tarqatuvçilar zimmasiga yuklanmoqda. Özbekiston uçun belgilaş böyiça umumiy talab aniq tartib-qoidalar bilan mustahkamlanadimi, ya’ni kim, nima bilan va qanday belgilaşi kerakligi körsatiladimi, degan masala oçiq qolmoqda.
Uzbekistan Digital Rights Media Initiative (UDRMI) loyihasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantiriş markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining (YI) moliyaviy kömagida amalga oşirilmoqda.
Şu mavzuda