Tomonlar muhim minerallar, sun’iy intellekt, temir yoʻl transporti va mudofaa sohasidagi 13 ta hujjatni imzoladi. Ular orasida sakkizta yuqori tezlikdagi poyezd yetkazib berishning texnik-iqtisodiy asoslanishi boʻyicha memorandum hamda milliy genom markazi va biobank yaratish memorandumi bor. Osiyo taraqqiyot banki, Koreya Eksimbanki, “Oʻzbekiston texnologik metallurgiya kombinati” AJ va Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Oʻzbekistonda muhim minerallarni qayta ishlash boʻyicha memorandum tuzdi. Koreya Eksimbanki va Koreya savdo sugʻurtasi korporatsiyasi muhim xomashyo sohasidagi loyihalar uchun OTB mexanizmi boʻyicha 1 mlrd dollargacha hamkorlikda moliyalashtirishni va’da qildi. 15-sentabr kuni 300 dan ortiq ishtirokchi, jumladan Hyundai Motor Group, Samsung C&T, Lotte Chemical va Kia vakillari yigʻilgan biznes-forumda Oʻzbekiston prezidenti Oʻzbekiston–Koreya sanoat-texnologik alyansini yaratishni taklif qildi.

Kontekst

Oʻzbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq korxona, janubiy koreyalik universitetlarning toʻrtta filiali va KOICA koʻmagida yaratilgan beshta kasbiy ta’lim markazi faoliyat yuritadi. 2024-yilda Oʻzbekiston Hyundai Rotem’dan oltita yuqori tezlikdagi poyezd sotib olish haqida kelishgan edi. 2026-yil 16-sentabr kuni Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati bilan birinchi sammiti oʻtdi.