Ma’lumotlar respondentlar toifasiga qarab ikki usulda yigʻiladi: roʻyxatga oluvchilar planshetlar yordamida shaxsan soʻrov oʻtkazadi yoki ishtirokchilar soʻrovnomani internet orqali mustaqil toʻldiradi.
Roʻyxatga olish yakunlariga koʻra, korxona va tashkilotlarning statistik registrlari yangilanadi, iqtisodiyot tarmoqlari va bandlikka oid ma’lumotlar aniqlashtiriladi, shuningdek, kuzatilmaydigan iqtisodiyot koʻlami baholanadi. Qoʻmita yigʻilgan ma’lumotlar tanlanma soʻrovlar oʻtkazish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun asos boʻlishini ta’kidlamoqda.
Kontekst
Roʻyxatga olish 15-oktabrdan 30-noyabrgacha Prezidentning PF-190-sonli farmoniga muvofiq oʻtkaziladi. Roʻyxatdan oʻtmagan iqtisodiy birliklarning ham qamrab olinishi — yangi jihat. Hozirgacha ular statistikada faqat hisob-kitoblar asosida aks ettirilgan. Ularning iqtisodiyotdagi ulushi YaIMning 23 foizi, ya’ni 246 trillion soʻm deb baholanmoqda. Qoʻmita aholini roʻyxatga olish jarayonida yigʻilgan ma’lumotlardan faqat statistik maqsadlarda foydalanilishi va ular soliq organlariga taqdim etilmasligini bildirgan edi. Biroq biznesni roʻyxatga olish boʻyicha hozircha bunday aniqlik kiritilmagan.