Roʻyxatdan oʻtkazish 2027-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2030-yilgacha roʻyxatdan oʻtish ixtiyoriy boʻladi. Roʻyxatdan oʻtganlik besh yil davomida amal qiladi. Mutaxassislar imtihondan oʻtganidan yoki ularga malaka toifasi berilganidan keyin avtomatik ravishda roʻyxatga olinadi. Malaka toifalarining oʻzi esa bekor qilinadi. Imtihondan oʻta olmagan mutaxassislar bir yil muddatga vaqtincha roʻyxatdan oʻtkaziladi va ularga imtihonni qayta topshirish huquqi beriladi. 20 yildan ortiq ish tajribasiga va ilmiy darajaga ega mutaxassislar esa imtihonsiz roʻyxatdan oʻtkaziladi. Barcha tibbiyot xodimlari 16 ta axborot bazasi bilan integratsiyalashgan yagona reyestrga kiritiladi.

2027/2028-oʻquv yilidan internatura va ordinaturaga qabul toʻxtatiladi, ularning oʻrniga rezidentura joriy etiladi. «Davolash ishi» yoʻnalishi oʻrniga olti yillik «Umumiy tibbiyot» yoʻnalishi joriy qilinadi. 2027-yil 1-yanvardan bakalavr darajasiga ega hamshiralarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga teng, magistr darajasiga ega hamshiralarga uning ikki baravari, rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlarga esa toʻrt baravari miqdorida ustama toʻlanadi. Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 360 000 soʻm boʻlganda, toʻrt baravarlik ustama 5,44 mln soʻmni tashkil etadi.

Kontekst

Oilaviy tibbiyot boʻyicha rezidentura 2026/2027-oʻquv yilidayoq ochiladi. Davlat granti asosida oʻqiyotgan rezidentlarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,15 baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi. Oʻrta tibbiyot xodimlari uchun ikki yillik oʻquv dasturlari 2027/2028-oʻquv yilidan bekor qilinadi. 2026-yil 12-iyunda davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi 310-sonli qaror qabul qilindi.