Strategiya fintech kompaniyalari uchun ekotizimni nazarda tutadi: Innovatsiya markazi, “tartibga solish qumdoni” (yangi moliyaviy mahsulotlar nazorat qilinadigan sharoitda sinovdan oʻtkaziladigan maxsus huquqiy rejim), kadrlar tayyorlash va moliyalashtirish mexanizmlari. 2030-yilga borib sohaga 1 milliard dollargacha sarmoya jalb qilish rejalashtirilgan. 2026–2027-yillarda raqamli ID boʻyicha pilot loyihalar, 2028–2029-yillarda esa ushbu infratuzilmani butun moliya sektoriga yoyish koʻzda tutilgan.
Alohida yoʻnalish — nazorat texnologiyalari (SupTech). Markaziy bank moliyaviy jinoyatlarni aniqlash uchun sun’iy intellektdan foydalanish, API orqali ma’lumotlarni avtomatik yigʻish, operatsion hodisalarni kuzatish va moliya tashkilotlarining kiberxavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirishni nazarda tutadi. Taqdimotda mintaqaviy integratsiya tashabbuslari qatorida Markaziy bankning ulgurji raqamli valyutasi (wholesale CBDC) ham koʻrsatilgan — oʻzaro bogʻliq toʻlov tizimlarini rivojlantirish va transchegaraviy oʻtkazmalarni soddalashtirish bilan birga.
Kontekst
Open Banking (ochiq banking) — bank mijozning roziligi bilan uning ma’lumotlarini ochiq API, ya’ni ma’lumot almashish interfeysi orqali boshqa xizmatga uzatishi. Bu bank boʻlmagan fintech kompaniyalariga alohida bank mahsulotlarini taklif qilish imkonini beradi va raqobatni kuchaytiradi. Raqamli identifikatsiya mijozning shaxsini masofadan aniqlash uchun kerak: u moliyaviy xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi va firibgarlikning oldini olishga yordam beradi. Ulgurji raqamli valyuta — markaziy bank pulining moliya tashkilotlari oʻrtasidagi hisob-kitoblar uchun moʻljallangan raqamli shakli, fuqarolarning toʻlovlari uchun emas.