Bu haqda 12-oktabr kuni Tsinandalida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 11-yigʻilishida ma’lum qilindi.

Yigʻilishga Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Gruziya Bosh vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili hamraislik qildi. Unda oʻzaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, erkin savdo rejimidan foydalanish, sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, energetika va moliya sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish hamda turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Komissiyaning navbatdagi yigʻilishi 2027-yil bahorida Toshkent viloyatida boʻlib oʻtadi.

Kontekst

Potidagi logistika markazi Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropaga olib boruvchi, Rossiya hududini chetlab oʻtadigan Oʻrta yoʻlakning muhim boʻgʻinlaridan biridir. Sinov joʻnatmasi ushbu yoʻnalishning imkoniyatlarini tekshirishga xizmat qiladi, biroq bu muntazam yuk tashish boshlanganini anglatmaydi. Ports Europe nashrining Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, yiliga 500 ming tonna yuk oʻtkazish quvvatiga ega markaz 2027-yilda ishga tushiriladi. Poti erkin sanoat zonasidagi koʻp funksiyali terminal qurilishi esa 2024-yil sentabrida boshlangan.

Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida erkin savdo rejimi allaqachon amal qiladi. Tomonlar undan yanada samarali foydalanish yoʻllarini muhokama qildi. Shu bois asosiy muammolardan biri logistika boʻlib qolmoqda.

Yoʻnalish uchun xavf tugʻdirayotgan omillardan biri — Kaspiy dengizi sathining pasayishi. Avazada boʻlib oʻtgan birinchi Kaspiy ekologik sammitida Kaspiyboʻyidagi besh davlat rahbarlari dengiz sathi pasayishining sabablarini oʻrganish boʻyicha komissiya tuzishga kelishib oldi. Dengiz sathi pasayishining kemalar qatnoviga ta’siri ham muhokama qilindi. Davlatlar uch oy ichida komissiyaga oʻz vakillarini tayinlashi kerak. Komissiyaning birinchi yigʻilishini esa 2027-yilning birinchi yarmida Ozarbayjonda oʻtkazish rejalashtirilgan.