Qoʻmita ma’lum qilishicha, davlat tilida boʻlmagan peshlavha, yozuv va e’lonlar 2344 marta, tashqi reklama esa 975 marta uchragan. Yana 841 ta peshlavhada va 336 ta reklama obyektida imlo xatolari yoki soʻzlarning lugʻaviy ma’nosi buzilishi aniqlangan.
“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasi reklamani davlat tilida tarqatishni talab qiladi. Uni boshqa tilda takrorlash mumkin, lekin tashqi reklamada tarjima asosiy matn ostida gorizontal joylashtiriladi, reklama umumiy maydonining 40 foizidan koʻp boʻlmagan qismini egallaydi va kichikroq shriftda teriladi. Televideniye va radioeshittirishlarda hamda bosma nashrlarda tarjima reklama hajmi kunlik hajmning 20 foizidan oshmasligi kerak.
Qoʻmita ma’lumotlariga koʻra, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan, peshlavhalar va reklamalar talablarga muvofiqlashtirilgan. Goʻzallik salonlari, avtoservislar va qurilish materiallari sotuvchilariga qoidalar tushuntirildi, monitoring davom etmoqda.
Kontekst
2022-yil 7-iyundagi “Reklama toʻgʻrisida”gi OʻRQ-776-sonli qonun 1998-yildagi xuddi shu nomdagi qonunni almashtirdi. Roʻyxatdan oʻtgan tovar belgilari va logotiplarni asl tilda keltirishga ruxsat beriladi, davlat tili talabi esa faqat xorijiy tillarda chiqadigan nashrlar, eshittirishlar va saytlarga tatbiq etilmaydi.