Pensiya tayinlash uchun minimal stajni 2027-yildan boshlab har yili bir yilga oshirish taklif qilinmoqda — hozirgi 7 yildan 2034-yilga borib 15 yilgacha. Staj toʻplamaganlarga pensiya yoshiga yetganidan besh yil oʻtgach yosh boʻyicha nafaqa saqlanadi. Pensiyani hisoblash uchun daromad davrini besh yildan yigirma yilgacha choʻzish taklif qilinmoqda, bunda eng past daromadli oylarning 10 foizi hisobdan chiqariladi. Muddatidan bir yil oldin pensiyaga chiqish imkoniyatini 2027-yildan bekor qilish rejalashtirilmoqda. Pensiya rasmiylashtirishni yarim yilga kechiktirganlar uchun hisobga olinadigan maosh chegarasini 14 bazaviy hisoblash miqdorigacha — taxminan 7,1 mln soʻmgacha, bir yilga kechiktirganlar uchun esa 15 miqdorgacha — taxminan 7,6 mln soʻmgacha koʻtarish taklif qilinmoqda. Vazirlik hisob-kitobiga koʻra, bu pensiyaga 8–15% qoʻshimcha beradi.
Oʻzini oʻzi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni stavkasini oʻzgartirmasdan majburiy qilish taklif qilinmoqda — yiliga taxminan 440 ming soʻm, uni oyiga 36 mingdan boʻlib toʻlash imkoniyati bilan. Evaziga shaxs bir yillik staj, pensiya huquqlari hamda kasallik va dekret toʻlovlariga huquq oladi. Allaqachon tayinlangan pensiyalarni qayta koʻrib chiqish rejalashtirilmagan.
Kontekst
Oʻzbekistonda pensiya yoshi 1993-yildan beri oʻzgarmagan, oʻrtacha umr koʻrish esa 67,9 dan 75,4 yilgacha oshgan. 2025-yilda pensionerlar aholining 11,2% ini tashkil etgan, 2040-yilga borib ularning ulushi 15% ga yetishi mumkin. Majburiy jamgʻarma tizimiga maoshning 0,1% yoʻnaltiriladi, ixtiyoriy tizimda 2025-yilda 12,5 ming kishi ishtirok etgan. 5,9 mln roʻyxatdan oʻtgan oʻzini oʻzi band qilganlardan 2025-yil uchun ijtimoiy soliqni 860 ming kishi toʻlagan.