Xizmatlarning bir qismi fuqarolarning xohishiga koʻra bosqichma-bosqich elektron shaklga oʻtkaziladi. 1-noyabrdan zararli va ogʻir mehnat sharoitlarida ishlagan yoki muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar imtiyozli pensiyani onlayn rasmiylashtira oladi. 1-dekabrdan pensiyaning boshqa turiga oʻtish uchun elektron murojaat yuborish mumkin boʻladi. 2027-yil 1-yanvardan esa pensiya toʻlovlarini naqd pul shakliga oʻtkazish va toʻxtatilgan toʻlovlarni tiklash mumkin boʻladi.
Mehnat stajini hisoblashning ayrim qoidalari ham oʻzgaradi. 1-oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlaydigan shaxslar uchun oʻzini oʻzi band qilganlarga belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq toʻlangan taqdirda, avtomatik ravishda bir yillik mehnat staji hisoblanadi. 2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega fuqarolar ishlamaydigan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlashi mumkin boʻladi. Bunda soliq miqdori oyiga eng kam ish haqining 12 foizini tashkil etadi va bu orqali oila a’zolarining pensiya staji shakllanadi.
Kontekst
Oʻzgarishlar taklif etilayotgan pensiya islohoti fonida muhokama qilinmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2028-yildan boshlab pensiya yoshini har yili uch oyga oshirishni, 2039-yilga kelib erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga yetkazishni taklif qilmoqda. Shuningdek, pensiya tayinlash uchun talab etiladigan eng kam ish stajini 2034-yilga kelib 7 yildan 15 yilgacha bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda. Bunday sharoitda ishlamaydigan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ijtimoiy soliq toʻlash imkoniyati ularning pensiya stajini shakllantirishning amaliy usullaridan biriga aylanishi mumkin. Oʻzini oʻzi band qilganlar uchun bunday ijtimoiy soliq miqdori hozir yiliga taxminan 440 ming soʻmni tashkil etadi.