Importning qariyb uchdan bir qismi mashina va transport uskunalari hissasiga toʻgʻri keldi. Ushbu toifadagi mahsulotlar importi 9,7 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga oshdi.

Keyingi oʻrinlarda sanoat tovarlari (4,4 mlrd dollar, oʻsish — 10,1 foiz), xizmatlar (3,6 mlrd dollar, 13,3 foiz), kimyo mahsulotlari (3,6 mlrd dollar, 15,6 foiz), shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (3,3 mlrd dollar, 41,9 foiz) turadi.

Mineral yoqilgʻi va moylash materiallari importi 2,5 mlrd dollarni tashkil etib, 10,7 foizga oshdi.

Eng yuqori oʻsish sur’ati oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importida qayd etildi — bir yil ichida 41,9 foiz. Ikkinchi oʻrinda hayvonot va oʻsimlik moylari, yogʻlari hamda mumlari (363 mln dollar, oʻsish — 25,3 foiz), uchinchi oʻrinda esa mashina va transport uskunalari (20 foiz) turadi.

Kontekst

Oʻzbekistonda import eksportga qaraganda tezroq oʻsmoqda. Bu tashqi savdo taqchilligining kengayishiga olib kelmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida toʻlov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi oʻtgan yilning mos davridagi 304 mln dollardan 5,79 mlrd dollarga yetdi.

Avvalroq Strategik islohotlar agentligi importga qaramlikni mamlakat iqtisodiyotidagi muammolardan biri sifatida qayd etgan edi. Agentlik bahosiga koʻra, Oʻzbekistonda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan iste’mol tovarlarining 40 foizi chetdan olib kelinadi.

Yanvar–iyul oylarida Oʻzbekistonning eng yirik import hamkori Xitoy boʻldi. Bu mamlakatdan import hajmi 11,3 mlrd dollarni tashkil etdi.