Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsda oʻtkazilgan Cambrian Patrol 2026 xalqaro harbiy musobaqasida kumush medalni qoʻlga kiritdi, deb xabar bermoqda Kun.uz. Pokistonning The Nation nashriga koʻra, turnir 2-13 oktyabr kunlari oʻtgan va unda 35-36 mamlakatdan 140 ga yaqin jamoa ishtirok etgan.

Ishtirokchilar 48 soat ichida 35-40 kilogramm yuk bilan togʻli, botqoq va yetib borish qiyin hududlardan taxminan 70 kilometr (Gurxalar brigadasi ma’lumotlariga koʻra — taxminan 65 km) masofani bosib oʻtishi kerak. Yoʻl davomida jamoalar razvedka olib boradi, modellashtirilgan jangovar vaziyatlarda harakat qiladi, toʻsiqlarni yengib oʻtadi, yaradorlarga birinchi yordam koʻrsatadi va kimyoviy, biologik, radiatsiya hamda yadroviy xavf sharoitida ishlaydi. Turnir 1959-yildan beri oʻtkaziladi, uni Uelsda joylashgan Britaniya armiyasining 160-brigadasi tashkil qiladi.

Oltin medallarni 10 ta jamoa qoʻlga kiritdi, ular orasida Hindistonning Assam polki jamoasi ham bor, deb yozadi The Nation.

Kontekst

Oʻzbekiston turnirda birinchi marta qatnashayotgani yoʻq: 2024-yilda Mudofaa vazirligi jamoasi ham kumush medal olgan va 13 ta patruldan iborat guruhida birinchi oʻringa chiqqan edi, deb xabar bergan edi Kun.uz. Oʻshanda musobaqa 4-7 oktyabr kunlari oʻtgan, unda 30 dan ortiq davlatdan 100 dan ortiq jamoa qatnashgan.