2026-yil 15-oktyabrdan 30-noyabrgacha butun mamlakat boʻylab biznesni roʻyxatga olish (biznes roʻyxati) oʻtkazilmoqda. U Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi PF-190-son farmoni asosida 1-oktyabr holatiga koʻra oʻtkaziladi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi xabar berdi (Telegram-kanal, brifing).

Roʻyxatga olish yirik, oʻrta va kichik korxonalar, mikrofirmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, xorijiy kompaniyalarning doimiy muassasalari va vakolatxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, oilaviy tadbirkorlar va hunarmandlar, oʻzini oʻzi band qilganlarni, shuningdek, roʻyxatdan oʻtmasdan iqtisodiy faoliyat yuritayotganlarni ham qamrab oladi. Haqiqiy faoliyat manzili, asosiy va qoʻshimcha faoliyat turlari, band boʻlganlar soni, mahsulot va xizmatlar, internet va elektron savdodan foydalanish, eksport-import operatsiyalari soʻraladi.

Soʻrov asosan yuzma-yuz oʻtkaziladi: maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar manzillarga borib, tadbirkorlar bilan suhbatlashadi va javoblarni planshetlardagi elektron soʻrovnomaga kiritadi. Bozorlar va savdo majmualarida statistika organlari xodimlari, mahallalarda hokim yordamchilari ishlaydi. Roʻyxatga oluvchilarni maxsus kiyim va xizmat nishoni orqali tanish mumkin; xodimning shaxsi yoki vakolati haqida shubha tugʻilsa, 1851 qisqa raqamli call-markazga qoʻngʻiroq qilish mumkin. Oʻzini oʻzi band qilganlar census.stat.uz axborot tizimi orqali onlayn mustaqil roʻyxatdan oʻtishi mumkin.

Qoʻmita ta’kidlashicha, roʻyxatga olish tekshiruv yoki nazorat tadbiri emas va jarima qoʻllashga qaratilmagan. Yakka tartibdagi ma’lumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi; rasmiy koʻrsatkichlarni shakllantirishda ma’lumotlar umumlashtirilgan holda ishlatiladi.

Kontekst

Shu farmon bilan 2026–2030-yillarga moʻljallangan «Statistikani rivojlantirish — 2030» milliy strategiyasi ham tasdiqlangan. Farmonga koʻra, biznesni roʻyxatga olishdan maqsad: subyektlar soni, tarkibi va tarmoqlar boʻyicha taqsimotini aniqlashtirish, statistik registrlardagi korxona va tashkilotlar haqidagi ma’lumotlarni yangilash, kuzatilmaydigan iqtisodiyot koʻlamini baholash va hududlar rivojlanishini ishonchli ma’lumotlar bilan rejalashtirishni ta’minlash. Kuzatilmaydigan iqtisodiyot — rasmiy hisobotlarga kirmaydigan faoliyat; brifingda roʻyxatdan oʻtmasdan ishlayotganlar ham oʻrganilishi alohida aytilgan.