Sammit texnologik va investitsiyaviy hamkorlik masalalariga bagʻishlandi. Unda Oʻzbekiston kompaniyalarining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga chiqish imkoniyatlari, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish hamda Yaqin Sharq mamlakatlari investorlari va texnologik kompaniyalari bilan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Vazirlik xabarida sammit ishtirokchilari va aniq loyihalar haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Shuningdek, biror hujjat imzolangani haqida ham xabar qilinmagan.
Kontekst
IT Park ishtirokchilarining xizmatlar eksporti yanvar–iyun oylarida $392,5 mlnni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan $90,3 mln koʻp. Agar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarining 5 foizlik ulushi ushbu koʻrsatkichga ham tatbiq etilsa, bu taxminan $20 mlnni tashkil etadi.
Oʻzbekiston IT-kompaniyalari uchun asosiy eksport bozorlari AQSh va Buyuk Britaniya hisoblanadi. 2025-yil dekabrida Prezident mamlakatning umumiy IT-xizmatlar eksporti ilk bor $1 mlrdga yetganini ma’lum qilgan edi. 2030-yilgacha esa bu koʻrsatkichni $5 mlrdga yetkazish maqsad qilingan.