Nomzodlarga talablar: yoshi 27 dan 40 gacha, oliy ma’lumot, boʻyi 160–190 sm, vazni 50–95 kg, xorijiy tillarni bilish — XKS ga parvoz uchun rus va ingliz, «Tyangun» stansiyasi uchun xitoy va ingliz tillari. Tanlov bilan hukumat komissiyasi shugʻullanadi, nomzodlardan uch-toʻrt nafari qoldiriladi. Parvoz taxminan 14 kun davom etadi, ochiq kosmosga chiqish koʻzda tutilmagan; kosmonavt tibbiyot, biologiya va genetika sohasida tajribalar oʻtkazadi.
Muddat 2028-yilda Samarqandda oʻtadigan 79-Xalqaro astronavtika kongressiga bogʻlangan — Markaziy Osiyoda birinchi marta.
Kontekst
Birinchi oʻzbekistonlik sun’iy yoʻldosh «Samarkand-2028» 5 avgustda Sariq dengizdagi dengiz uchirish platformasidan orbitaga chiqarildi. Giperspektral apparatni xitoylik STAR.VISION kompaniyasi «Oʻzbekkosmos» bilan birgalikda yaratdi, agentlik muhandislari esa unga suratlarni toʻgʻridan-toʻgʻri orbitada qayta ishlaydigan sun’iy intellekt moduli ishlab chiqdi. Ma’lumotlar qishloq xoʻjaligi yerlari, suv, ekologiya va favqulodda vaziyatlar monitoringi uchun ishlatiladi. Oʻzining 6U CubeSat formatidagi ilmiy sun’iy yoʻldoshini oʻzbek muhandislari 2028-yilda uchirishni rejalashtirmoqda.