Oʻzbekiston shuningdek bankning transport, energetika va suv infratuzilmasidagi transchegaraviy loyihalarda faolroq ishtirok etishi va hududlarda mavjudligini kuchaytirishi tarafdori sifatida chiqdi. Vazir alohida loyihalarni tayyorlash sifati va ularni ishlab chiqishning dastlabki bosqichlarida bank tomonidan qoʻllab-quvvatlash haqida soʻz yuritdi.

Kontekst
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda AIIB moliyalashtirishining eng yirik oluvchisi hisoblanadi: bank ma’lumotlariga koʻra, mamlakatdagi loyihalar portfeli $3,7 mlrdga yetgan. Mablagʻlar energetika, transport, suv ta’minoti, shahar infratuzilmasi va iqlim loyihalarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. 2024-yilda tomonlar $4 mlrddan ortiq loyihalarni oʻz ichiga olgan yoʻl xaritasini imzoladi va 2030-yilgacha hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishdi. Davlat kafolatisiz moliyalashtirish ulushini oshirish talabi risklarning bir qismi byudjetdan qarz oluvchi kompaniyalarga oʻtishini anglatadi. Hozir AIIB tarkibida 111 davlat bor.