Textile Horizon kompaniyasining muassislari — Ozarbayjonning Azersheker, Oʻzbekistonning Global Textile kompaniyalari hamda Ozarbayjon–Oʻzbekiston investitsiya fondi.

11,2 gektar maydonda paxtani qayta ishlashdan tortib, paxta tolasi, ip-kalava, boʻyalgan mato va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq ishlab chiqarish zanjiri yoʻlga qoʻyiladi.

Majmuaning yillik ishlab chiqarish quvvati 16 ming tonna paxta tolasi, 11 ming tonna ip-kalava, 7,3 ming tonna boʻyalgan mato va 11 mln dona koʻylakni tashkil etadi. Mahsulotlar Ozarbayjon ichki bozorida sotiladi, shuningdek, eksport qilinadi.

Textile Horizon oʻtgan yili sanoat parki rezidenti maqomini olgan va rezidentlar uchun belgilangan soliq hamda bojxona imtiyozlaridan foydalanadi.

Kontekst

Bu Ozarbayjon–Oʻzbekiston investitsiya fondining toʻqimachilik sohasidagi ilk yirik ishlab chiqarish loyihasi. Investitsiya hajmi, qurilish muddatlari va muassislarning kompaniyadagi ulushlari hozircha oshkor etilmagan.

Bir kun avval, 25-sentabr kuni investitsiyalar vaziri Laziz Qudratov Bokuda Ozarbayjon bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi.