Shavkat Mirziyoyev nutqida “olti iqtisodiyot — bir mahsulot” formulasiga oʻtishni taklif qildi: bir nechta mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish zanjirida ishtirok etganda, iqtisodiyotlar oʻrtasidagi aloqalar oddiy tovar ayirboshlashga qaraganda mustahkamroq boʻladi. Buning uchun 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes-forumini oʻtkazish hamda qoʻshma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qoʻllab-quvvatlash platformasini yaratish taklif etildi.

Boshqa takliflar qatorida — Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha kengashni tashkil etishni tezlashtirish (birinchi yigʻilishni Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif etilgan), kam uglerodli energetika salohiyati boʻyicha qoʻshma konsepsiyani ishlab chiqish, muhim minerallar boʻyicha mintaqaviy alyansni yaratishni faollashtirish, Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash va talab yuqori boʻlgan kasblarning mintaqaviy atlasini tayyorlash. Oʻzbekiston kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik qiladi.

Kontekst

Maslahat uchrashuvlari — Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni muhokama qiladigan muntazam format. Mirziyoyev bu galgi uchrashuv alohida ahamiyatga ega ekanini, u ilk bor Ozarbayjon bilan birgalikda oʻtkazilayotganini ta’kidladi. Sanab oʻtilganlarning barchasi Oʻzbekiston prezidentining takliflari, qabul qilingan qarorlar emas.