Forumda ikki mamlakatning davlat organlari va ishbilarmon doiralaridan 400 ga yaqin vakil, jumladan Shensi provinsiyasi delegatsiyasi, «Ipak yoʻli» sanoat hamkorligi markazi, Shaanxi Yulin Energy Group energetika guruhi va China Civil Engineering Construction Corporation qatnashdi. Oʻzbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Ilzat Qosimov ishtirok etdi.

Xitoylik hamkorlarga Qoraqalpogʻiston resurslari, investorlar uchun imtiyozlar va hudud loyihalari taqdim etildi. Konchilik, geologiya, IT va qishloq xoʻjaligida hamkorlik muhokama qilindi. Aynan qanday kelishuvlar imzolangani, qaysi kompaniyalar bilan va qanday muddatlarda amalga oshirilishi xabarda koʻrsatilmagan.

Kontekst

Forum Prezidentning Qoraqalpogʻistonga safaridan bir hafta oʻtib boʻlib oʻtdi, u yerda $592 mlnlik 11 ta loyiha ishga tushirildi va $7 mlrdlik 47 ta loyiha qurilishi boshlandi, jumladan 1,5 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasi. Xitoy — Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkori: yanvar–iyul oylarida tovar aylanmasi $11,3 mlrdni tashkil etdi, xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 1-sentyabr holatiga 6436 taga yetdi.