Shu bilan birga A-380 xalqaro avtomobil yoʻli rekonstruksiya qilinmoqda. Qoʻngʻirot tumanidagi 240 kilometrlik uchastkada 384 mln dollarlik beton qoplama yotqizildi, Toʻrtkoʻl, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridagi yana 92 km da 233 mln dollarlik ishlar boshlandi. Hokimiyat hisob-kitoblariga koʻra, loyiha yakunlangach tranzit tashishlar hajmi bir yarim barobar oshadi, Toʻrtkoʻldan Qozogʻiston chegarasigacha yuk yetkazish bir sutkadan 10 soatgacha qisqaradi. Shuningdek «Tuyamoʻyin» suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va Qoʻngʻirotdan Moʻynoqqacha yuz kilometrlik suv quvuri qurish rejalashtirilgan.
Kontekst
Qoraqalpogʻistonda soʻnggi paytda Bozatov tumanida sanatoriy, Nukusda Onkologiya va radiologiya markazi, Qoʻngʻirot tumanida bolalar shifoxonasi va tugʻruqxona, Amudaryo va Toʻrtkoʻl tumanlarida 2000 oʻrinli amfiteatrlar, Nukusda gimnastika markazi va konservatoriya filiali foydalanishga topshirildi. 18-sentyabr kuni mintaqada 7,6 mlrd dollarlik loyihalar ishga tushirildi.