Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Mirziyoyev Berdimuhamedovni samarali raislik qilgani hamda Avazada Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, MDH sammiti va Kaspiy ekologik forumi oʻtkazilgani bilan tabrikladi. Yetakchilar Oʻzbekiston–Turkmaniston strategik sherikligida barqaror ijobiy sur’at kuzatilayotganini qayd etib, oʻzaro savdoni koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasini, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi loyihalarni kengaytirish, transport-logistika jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Avazada imzolangan Strategik sheriklik oliy kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaga alohida e’tibor qaratildi. Xabarda aytilishicha, bu mexanizmni ishga tushirish ikki tomonlama kun tartibining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha sa’y-harakatlarni tizimli muvofiqlashtirishni ta’minlashi kerak. Yetakchilar shuningdek yuqori darajadagi navbatdagi tadbirlar jadvalini muhokama qildi.

Kontekst

Oliy kengash tashkil etilishi toʻgʻrisidagi shartnomani Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 8-oktabr kuni Avazadagi muzokaralar yakunida imzoladi, deb xabar bergan edi Spot. Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmatiga koʻra, hujjat siyosiy muloqotni chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun institutsional asos yaratadi. Oʻshanda oʻzaro savdoni bir necha barobar oshirish chora-tadbirlari rejasi ham tilga olingan: mamlakatlar tovar ayirboshlashi, jumladan «Shovot — Doshovuz» savdo zonasi faoliyati hisobiga, oʻsmoqda.