Tovar, ish yoki xizmat sifati boʻyicha nizolarda asosiy javobgarlik sotuvchida. Eskrou xizmatini koʻrsatuvchi operator sotuvchi pulni qaytarishdan bosh tortsa, xaridorga pulni oʻzi qaytarish huquqini oladi. Xaridor bilan tuziladigan shartnomaga endi tovar va pulni qaytarish tartibi hamda shartlari majburiy kiritiladi. Yangi majburiyat ham paydo boʻladi: takliflar algoritmlari va tovarlarni tizimlashtirish shaffofligini ta’minlash. Xuddi shu talab buyurtma agregatorlari va striming xizmatlariga ham tatbiq etiladi. Uchala turdagi operator ham xaridorlarga sharh qoldirish imkonini berishi hamda sharhlarning oʻzgarmasligi va saqlanishini ta’minlashi shart. Xizmat koʻrsatishni toʻxtatish yoki qoidalarni oʻzgartirish haqida operator kamida 30 kun oldin e’lon qilishi kerak.

Alohida talab hisob-kitoblarga tegishli: operatorlar, yuridik shaxs boʻlgan sotuvchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hisob-kitoblarni alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishi shart; yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilganlar uchun kartaga bogʻlangan elektron hamyonlarga ruxsat beriladi.

Kontekst

Qonun operatorlarni birinchi marta uch turga ajratadi — elektron savdo platformalari, buyurtma agregatorlari va raqamli striming xizmatlari operatorlari — va har biri uchun majburiyatlarni belgilaydi: sotuvchilarning litsenziyalarini tekshirishdan tortib mualliflik huquqiga rioya qilishgacha. Qonun qoidalarini aholiga tushuntirish Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga topshirilgan.