Muloqot Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyatiga koʻmaklashish” (Civil Society Facility) va “EU4SustainableCentralAsia” mintaqaviy loyihalari, shuningdek, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi topshirigʻiga binoan GIZ amalga oshirayotgan “Yashil Markaziy Osiyo II” loyihasi doirasida oʻtdi. Yeconomist.kg ma’lumotlariga koʻra, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan 25 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Ish toʻrtta guruhda olib borildi: iqlim siyosati va ekologik adolat, mintaqaviy hamkorlik, fuqarolik jamiyati va aholining ishtiroki, iqlim ma’lumotlarining shaffofligi va jamoatchilik monitoringi.

2026-yil fevral oyida Bishkekda oʻtgan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati oltinchi forumidan soʻng tayyorlangan tavsiyalar asos qilib olindi. Yakuniy hujjatni 9–20-noyabr kunlari Antaliyada oʻtadigan BMTning COP31 iqlim konferensiyasi doirasidagi alohida tadbirda taqdim etish, Toshkentdan soʻng esa mintaqa mamlakatlari parlamentariylari bilan muhokama qilish rejalashtirilgan.

Kontekst

COP — BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasini imzolagan mamlakatlarning yillik konferensiyasi boʻlib, unda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish choralari kelishib olinadi. Oʻzbekiston uchun mavzu amaliy: mintaqada suv, energetika va iqlim masalalari birgalikda hal etiladi. Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xoʻjaligi komissiyasi 2026–2027-yillar uchun Amudaryo va Sirdaryodan suv olish limitlarini tasdiqladi.