Vazifa «Statistikani rivojlantirish — 2030» milliy strategiyasida mustahkamlab qoʻyilgan. Strategiya Prezidentning 10-sentyabrdagi PF-190-sonli farmoni bilan tasdiqlangan, deb xabar berdi Milliy statistika qoʻmitasi.

2023-yil ma’lumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 80,3 ball toʻplab, 217 ta davlat orasida 62-oʻrinni egalladi: bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi 2024-yil noyabrida xabar bergan. Keyinroq qoʻmita saytida 58-oʻringa koʻtarilgani haqida xabar paydo boʻldi, biroq unda ma’lumotlar qaysi yilga tegishli ekani koʻrsatilmagan. Indeks milliy statistika tizimlarini beshta yoʻnalish boʻyicha baholaydi: ma’lumotlardan foydalanish, foydalanuvchilarga xizmatlar, statistik mahsulotlar, ma’lumot manbalari va infratuzilma; shkala 0 dan 100 gacha.

Maqsadga erishish uchun rasmiy statistikaning sifati va ishonchliligini oshirish, uslubiyotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, ma’lumotlarni yigʻish va qayta ishlashni raqamlashtirish, ma’muriy va muqobil manbalardan foydalanish, sun’iy intellektni joriy etish hamda ma’lumotlar ochiqligini kengaytirish koʻzda tutilgan.

Kontekst

Statistika sifati mavhum tushuncha emas: inflyatsiya, ishsizlik, qashshoqlik aynan shu raqamlar asosida hisoblanadi, hukumat ham, investorlar ham qanday manzarani koʻrishi esa uslubiyotga bogʻliq. Qayta koʻrib chiqish allaqachon boshlangan: 30-sentyabrdan bandlik va ishsizlik soliq hamda migratsiya xizmatlarining ma’muriy bazalari boʻyicha hisoblanmoqda, faqat tanlanma soʻrovlar boʻyicha emas, norasmiy band boʻlganlar esa mahallalarda xonadonma-xonadon yurib aniqlanmoqda. 1989-yildagi roʻyxatdan keyingi birinchi aholi roʻyxati hisob-kitoblar haqiqatdan qanchalik uzoq boʻlganini koʻrsatdi: 2026-yil 15-yanvar holatiga koʻra aholi joriy statistika taxmin qilganidan 810,6 ming kishi koʻp chiqdi, ya’ni xato 2,1% ni tashkil etdi. 15-oktabrdan 30-noyabrgacha biznes roʻyxati oʻtkaziladi: u mamlakatdagi barcha faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birliklarni qamrab oladi, kuzatilmaydigan iqtisodiyotga esa, tashkilotchilar ma’lumotiga koʻra, taxminan 23% toʻgʻri keladi.