Xizmatga ulanganlar orasida 1 656 387 nafar erkak va 1 185 088 nafar ayol bor. Taqiq ham onlayn, ham oflayn kredit shartnomalarini tuzishga taalluqli boʻlib, uni insonning oʻzi yoqadi va oʻchiradi.

Xizmat bepul, unga onlayn va oflayn ulanish mumkin.

Kredit olishga taqiqni qanday qoʻyish mumkin?

Onlayn

  1. KATM ilovasi. Asosiy menyuni oching va “Kredit taqiqi” xizmatini tanlang. Bu yerda taqiqni faqat yoqish mumkin, deb xabar beradi KATM.

  2. Kredit byurosining sayti. Shaxsiy kabinetga jismoniy shaxs sifatida kiring — buning uchun OneID tizimida roʻyxatdan oʻtish kerak, deb yozgan edi Gazeta.uz. Taqiqni faqat shu yerda yoqish mumkin, oʻchirib boʻlmaydi.

  3. my.gov.uz portali yoki davlat xizmatlari ilovasi. “Kredit shartnomasini tuzishga taqiqni oʻrnatish yoki olib tashlash” xizmatini toping va “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing. Bu yerda taqiqni ham yoqish, ham oʻchirish mumkin.

Oflayn

  • Istalgan davlat xizmatlari markaziga yoki KATM byurosiga murojaat qiling. U yerda ham taqiqni yoqish va oʻchirish mumkin.

Nimani bilish muhim

  • Taqiq insonning oʻziga ham ta’sir qiladi: u yoqilgan boʻlsa, kreditni oʻzingiz olishga qaror qilganingizda ham rasmiylashtirilmaydi.

  • Bankka murojaat qilishdan oldin taqiqni my.gov.uz, davlat xizmatlari markazi yoki KATM byurosi orqali oʻchirib qoʻyish lozim.

Kontekst

Taqiq bepul, kredit tarixini “muzlatish” esa 13 843,20 soʻm turadi. Bunda kreditorlar shartnoma imzolanishidan oldin taqiq mavjudligini tekshirishlari shart — insonning xabarisiz rasmiylashtirilgan kreditlardan himoya mexanizmi aynan shunga moʻljallangan.