Qirgʻizistonda boʻlish kunlarini EISUM avtomatlashtirilgan tizimi hisoblaydi. Ruxsat etilgan boʻlish muddatining tugash sanasi esa mamlakatdan oxirgi marta chiqib ketilgan sanaga qarab belgilanadi. Qirgʻiziston fuqarolarining turmush oʻrtoqlari va voyaga yetmagan farzandlariga mamlakatga bir marta kirishga ruxsat beriladi. Shundan soʻng ularga mamlakatda boʻlishini qonuniylashtirish uchun 30 ish kuni beriladi. Qoidalarni buzgan xorijiy fuqarolar ham yashash uchun guvohnoma olishga ariza topshirishi mumkin. Qaror 8-sentabr kuni e’lon qilingan va e’lon qilingan kundan 10 kun oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston fuqarolari uchun alohida tartib amal qiladi: ular qoʻshimcha hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Qirgʻizistonda har 120 kunlik davr ichida 60 kungacha boʻlishi mumkin. 2026-yil 30-iyuldagi protokolga koʻra, har ikki mamlakat fuqarolari chegarani kesib oʻtganidan keyin 15 sutka davomida roʻyxatdan oʻtish majburiyatidan ozod qilingan. Protokol qabul qilinishidan oldin oʻzbekistonliklar Qirgʻizistonda besh sutka, qirgʻizistonliklar esa Oʻzbekistonda uch sutka ichida roʻyxatdan oʻtishi kerak edi.
Kontekst
2026-yil 1-yanvardan 855-sonli qarorga muvofiq, 55 ta davlat, jumladan, Janubiy Koreya, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqarolari Qirgʻizistonda har 60 kunlik davr ichida jami 30 kungacha vizasiz boʻlishi mumkin. 2026-yil 4-sentabrda Vazirlar Mahkamasi alohida 600-sonli qaror bilan xorijiy fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazishning yangi tartibini tasdiqladi. Hujjatda 92 ta davlat koʻrsatilgan boʻlib, ularning fuqarolari uchun roʻyxatdan oʻtmasdan boʻlish muddatlari bir necha kundan uch oygacha etib belgilangan.