IT Park ma’lum qilishicha, uchrashuv ICT Week Uzbekistan 2026 doirasida oʻtdi. Kompaniyaning Oʻzbekistondagi faoliyatini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlari, hududiy ofislarni kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Telecontact xalqaro buyurtmachilar uchun kontakt-markaz xizmatlarini koʻrsatuvchi yirik kompaniya. U Toshkent, Samarqand va Fargʻonada faoliyat yuritadi, 400 nafardan ortiq xodimni ish bilan ta’minlagan.

Kompaniya Namangan viloyatida ofis ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda va hududiy tarmoqni kengaytirish, mahalliy mutaxassislarni jalb etish hamda Oʻzbekistondan turib xalqaro buyurtmachilar uchun bajariladigan loyihalar hajmini oshirish hisobiga 1000 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratishni rejalashtirgan. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va ulardan foydalanish bilan bogʻliq loyihalarni amaldagi qonunchilikni hisobga olgan holda amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Alohida mavzu Enterprise Uzbekistan boʻldi: kompaniya uning faoliyat mexanizmi hamda biznes uchun taqdim etiladigan imkoniyat va imtiyozlarga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha muddatlar, investitsiya summalari va kelishuvlar e’lon qilinmagan; tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Kontekst

Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash qoidalari yaqinda oʻzgardi. 2026-yil 27-martdan kuchga kirgan OʻRQ-1125-son qonun Oʻzbekiston hududida faqat biometrik va genetik ma’lumotlarni, shuningdek, aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini majburiy saqlashni qoldirdi. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni xorijda quyidagi shartlardan biri asosida saqlash va qayta ishlash mumkin: davlat yetarli darajada himoyani ta’minlaydigan deb tan olingan boʻlsa, operator standart shartnoma shartlarini yoki majburiy korporativ qoidalarni qoʻllasa yoki ma’lumotlarni boshqarishning xalqaro standartlariga rioya qilsa.

Enterprise Uzbekistan — Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi. Norma.uz ma’lumotlariga koʻra, 19-avgustdagi OʻRQ-1169-son konstitutsiyaviy qonun uning faoliyatining huquqiy asosini yaratadi: Angliya va Uels umumiy huquqi elementlariga ega maxsus rejim 2100-yilgacha amal qiladi, markazda shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va himoya qilishning maxsus qoidalari qoʻllaniladi, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda ma’lumotlarni bulutli saqlashga ruxsat beriladi. Qonun 2027-yil 21-yanvardan kuchga kiradi.