Forum tashkilotchilari — Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi va Sugʻd viloyati hokimiyati. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, tahlil markazlari, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va ayollar birlashmalari, shuningdek, Fargʻona vodiysidagi uch mamlakat — Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning mahalliy hamjamiyatlari vakillari ishtirok etmoqda. Fargʻona, Sugʻd va Botken viloyatlari rahbarlari tabrik nutqi bilan chiqdi.

Forumda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorligi, tabiiy resurslardan foydalanish hamda transchegaraviy ekologik hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Ikkinchi kun «Intimoq» — Birlik kuni deb nomlanib, chegaradosh hududlar aholisi oʻrtasidagi aloqalarga bagʻishlanadi.

Kontekst

Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov 2025-yil 31-martda abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Xoʻjand deklaratsiyasini imzolagan. Shu kuni uch davlat chegaralarining tutashuv nuqtasi toʻgʻrisidagi shartnoma ham imzolangan. Birinchi Fargʻona tinchlik forumi 2025-yil oktabrda Fargʻonada boʻlib oʻtgan. Uni Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tashkil etgan, forumda 300 dan ortiq ekspert ishtirok etgan. Shu tariqa, forumga mezbonlik qilish Fargʻona vodiysidagi mamlakatlar oʻrtasida navbat bilan amalga oshirilmoqda.