Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga koʻra, oliy ta’lim muassasalarida 900 mingdan ortiq qiz tahsil olmoqda — bu barcha talabalarning 54 foizi. Raqamli iqtisodiyotda 1600 dan ortiq startapning 220 dan ziyodiga ayollar rahbarlik qiladi, investitsiya bitimlarining 21 foizi ayollar boshchiligidagi loyihalarga toʻgʻri keladi, President Tech Award gʻoliblarining har uchtasidan biri esa ayollar boshchiligidagi loyiha.

Kontekst

Vazirlik kurslarga qancha odam yozilganini va Oʻzbekiston qaysi davlatlar bilan solishtirilganini aytmagan, shu sababli 58,9 foiz — kurslardagi oʻzbekistonliklar orasida ayollar ulushi, oʻquvchilar soni yoki tinglovchilar soni boʻyicha reyting emas.

Startap ekotizimining oʻsishini vazirlik StartupBlink reytingi bilan asoslaydi: ikki yilda mamlakat reytingda 31 pogʻonaga koʻtarildi, StartupBlink uni «Yil mamlakati» deb tan oldi, Toshkent esa Markaziy Osiyo shaharlari orasida birinchi oʻrinni egalladi. Investitsiya bitimlarining 21 foizi — ayollar boshchiligidagi startaplar bilan tuzilgan bitimlar ulushi; bitimlar summasi haqida vazirlik ma’lumot keltirmagan.