Holat haqida nima ma’lum?
Bu haqda Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi 22 oktyabr kuni ma’lum qildi. Infeksiya ogʻir kasallikdan davolanayotgan va shu sababli boshqalarga qaraganda infeksiya hamda uning asoratlariga koʻproq moyil boʻlgan odamda aniqlangan. Hozircha bu odamlar orasidagi yagona ma’lum holat. Tergov virus oʻlimga sabab boʻlganmi yoki unga faqat hissa qoʻshganmi va zararlanish qanday yoʻl bilan sodir boʻlganini aniqlashi kerak.
Bu qanday virus?
Shamonda qishloq xoʻjaligi hayvonlarini zararlaydi va ular oʻrtasida Culicoides turkumiga mansub mayda qon soʻruvchi pashshalar — kulikoidlar chaqishi orqali yuqadi. Bu holatda qaysi tur ishtirok etgani noma’lum. Yevropadagi hayvonlarda klinik belgilar iyun oyidan boshlangan, virusning oʻzi esa 2026-yil iyul oyi oxirida aniqlangan. Ilgari u qoramol, ot, alpaka, qoʻy va echkilarda topilgan; unga qarshi tijorat vaksinasi yoʻq.
Virus qayerlarda aniqlangan?
Virus Avstriya, Belgiya, Fransiya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Ispaniya, Shveysariya hamda Jersida aniqlangan — ya’ni deyarli butun Gʻarbiy va Markaziy Yevropada.
Rasmiylar nima qilmoqda?
ECDC Fransiya hukumati, Yevropa Komissiyasi va Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi agentligi bilan hamkorlik qilmoqda, Yevropa Ittifoqi referens laboratoriyasi bilan birgalikda testlarni kuchaytirmoqda va davlatlarga ehtimoliy yangi holatlarni aniqlashda yordam bermoqda. U yerda ta’kidlanishicha, havo sovishi bilan Yevropadagi aksariyat kulikoid turlarining faolligi pasaymoqda.
Bu Oʻzbekiston uchun nimani anglatadi?
Oʻzbekistonda bunday holatlar haqida xabar berilmagan. Virusni olib kirishning mumkin boʻlgan yoʻllaridan biri — tirik chorva mollarini import qilish: mamlakat naslli hayvonlarni Yevropadan, jumladan, virus topilgan davlatlar roʻyxatiga kiritilgan Avstriyadan sotib oladi. Sentabr oxirida u yerdan 150 bosh simmental zotli qoramol keltirildi — ularni aholiga savdo ustamasisiz berish rejalashtirilgan edi. Nashrlarda bu chorva mollari zararlangani haqida ma’lumot yoʻq.