Investitsiyalar boʻyicha kelishuv tuzgan kompaniyalar uchun foyda soligʻini 10 yilga 100% ga kamaytirish, yer soligʻi boʻyicha shu muddatga nol koeffitsiyent va mol-mulk soligʻi boʻyicha 8 yilga 0% stavka nazarda tutilgan. Loyiha, shuningdek, investorlarga infratuzilma yaratish xarajatlarini soliq toʻlovlari hisobidan qoplashga ruxsat beradi va ustuvor investitsiya loyihalari uchun ilgari amal qilgan normalarni tiklaydi.

Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari kiritilgan investitsiya hajmiga qarab foyda soligʻidan ozod qilinadi: 3–5 mln dollar investitsiyada — 3 yilga, 5–15 mln — 5 yilga, 15 mln dan ortiq — 10 yilga. Muddat obyektni foydalanishga qabul qilingan sanadan hisoblanadi.

Kontekst

2025-yil 25-dekabrdan Oʻzbekistonda yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan foyda soligʻi stavkasi nolga tushirilgan. Uni ishlab chiqarish uchun uskunalar qiymati mol-mulk soligʻi bazasidan chegirib tashlanadi.