Majlis yakunlari boʻyicha toʻrtta bitim imzolandi. Ular Fargʻona va Omsk viloyatlari, Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk oʻlkasi, Namangan viloyati va Dogʻiston Respublikasi hamkorligini, shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Wildberries oʻrtasida “A” toifasidagi logistika majmuasini qurish boʻyicha investitsiya bitimini qamrab oladi. Hududlar kengashining navbatdagi yigʻilishi Omsk shahrida oʻtadi.

Oʻzbekiston va Rossiya prezidentlarining qutlov soʻzlarini Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev hamda Rossiya hukumati raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov oʻqib eshittirdi.

Kontekst

Hududlar kengashi — ikki mamlakat viloyatlari va ularning biznesi oʻrtasidagi bevosita aloqalar maydoni. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga koʻra, ikki mamlakat tovar ayirboshlash hajmi 2026-yilning sakkiz oyida 10 foizga oshib, 9 mlrd dollardan oʻtdi. Rossiya Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasining 16 foizini tashkil etadi, Xitoy — 23 foizini. Wildberries bilan investitsiya bitimining shartlari vazirlik xabarida ochib berilmagan.