Qarorda kasallikning nomi, emlashni joriy etish asosi va maqsadi, hudud va aholi guruhlari, vaksina turi, boshlash va yakunlash muddatlari hamda emlashni oʻtkazuvchi muassasalar belgilanadi. Asoslar: hududda yuqumli kasalliklarning aniqlanishi, kasallanishning xavfli darajada oshishi, keng tarqalish xavfi yoki ayrim guruhlarda yuqtirish xavfining yuqoriligi. Emlash birinchi navbatda kasallikni yuqtirish yoki boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori boʻlgan shaxslardan, shuningdek oʻchoqda bemor bilan muloqotda boʻlganlardan boshlanadi. Faqat davlat roʻyxatidan oʻtgan vaksinalardan foydalanish mumkin.
Emlashdan oldin shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtadi: vaksina tarkibiga yuqori sezuvchanlik, avvalgi emlashlarda ogʻir allergik reaksiya kabi monelik qiluvchi holatlar aniqlanadi. Tibbiyot xodimi emlash maqsadi, vaksina, ehtimoliy ta’sir, emlashdan keyingi kuzatuv va emlashni rad etishning qonunchilikda belgilangan huquqiy oqibatlari haqida ma’lumot beradi. Emlashdan keyin shaxs dastlabki 30 daqiqa tibbiyot xodimi, keyingi 3 kun shifokor va patronaj hamshira kuzatuvida boʻladi. Har bir emlangan shaxs haqidagi ma’lumotlar zudlik bilan Yagona tibbiyot axborot tizimiga kiritiladi.
Kontekst
Emlashni joriy etish toʻgʻrisidagi qarorni Bosh davlat sanitariya vrachi qabul qiladi va imzolangan kunning oʻzidayoq davlat organlari, mahalliy hokimiyat, tibbiyot, ta’lim va boshqa tashkilotlar hamda emlanadigan shaxslar e’tiboriga yetkazadi — yozma yoki elektron tarzda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali. Yangi holatlar kuzatilmay qoʻygach, hududiy sanitariya-epidemiologiya organlari uch ish kuni ichida qarorni bekor qilishni taklif qiladi, Bosh davlat sanitariya vrachi uni oʻn besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi. Nizomda emlash xonalari uchun xavfsizlik choralari ham belgilangan: shamollatiladigan alohida xona, navbatda kamida 1 metr masofa, shoshilinch yordam uchun dori vositalari zaxirasi.