Pokiston rasmiylari neft shoki elektr transportga oʻtishni tezlashtirayotganini bildirmoqda, biroq nashrda ta’kidlanishicha, mashinalar narxi va zaryadlash infratuzilmasining yetishmasligi bu jarayonni yillarga choʻzadi.
Oʻzbekiston bu yoʻlni tezroq bosib oʻtdi. Yanvardan avgustgacha mamlakatga 54 826 ta elektromobil olib kirildi — qiymati 614 mln dollar, bu oʻtgan yilgidan deyarli ikki baravar koʻp, birinchi yarim yillikda esa import 2,6 baravar oʻsdi. Mashinalarning aksariyati Xitoydan: birinchi yarim yilda olib kirilgan 37 874 ta elektromobildan 37 560 tasi xitoylik. Mamlakatda jami taxminan 110 ming elektromobil roʻyxatdan oʻtgan.
Kontekst
Oʻsish koʻp jihatdan soliq imtiyozlari bilan izohlanadi: elektromobillar aksiz soligʻi, bojxona boji va avtomobil yigʻimlaridan ozod qilingan, benzinli kichik litrajli avtomobillarga imtiyozlar esa yanvardan bekor qilingan. Hozirgi tor joy — infratuzilma: iyun oyiga kelib mamlakatda 1675 ga yaqin tijoriy va ommaviy zaryadlash stansiyasi bor edi, ya’ni taxminan 65 ta mashinaga bitta stansiya toʻgʻri keladi. Energetika vazirligi may oyida muhokamaga chiqargan loyihaga koʻra, stansiyalar sonini 4 mingtagacha yetkazish rejalashtirilmoqda, mintaqalararo yoʻllarda ularni har 20 km da joylashtirish, har ikki yilda majburiy metrologik tekshiruv oʻtkazish va tekshiruvdan oʻtmagan stansiyalardan foydalanishni taqiqlash nazarda tutilmoqda. Vazirlik prognoziga koʻra, 2030-yilga borib elektromobillar soni 400–500 mingta, 2035-yilga kelib esa 2 milliongacha yetishi mumkin. Agar infratuzilma buni quvib yetmasa, zaryadlash uchun navbat metan quyish shoxobchalaridagi navbat kabi odatiy holga aylanadi.