Ketma-ket yettinchi yil «normal» oqimli havzalar ozchilikni tashkil etmoqda: 1991–2020-yillardagi oʻrtacha 46% ga nisbatan 34–38%. Quruqlikdagi suv zaxiralari 2010-yillar oʻrtasidan beri kamaymoqda. Kuzatilayotgan quduqlarning qariyb uchdan ikki qismi 2025-yilda dunyoda tarixiy me’yordan tashqaridagi holatni koʻrsatdi va muvozanat tanqislik tomon siljidi. Ketma-ket toʻrtinchi yil barcha yirik muzlik mintaqalari muzni yoʻqotmoqda: 2023–2025-yillarda muzliklar 1 400 gigatonna suvni yoʻqotdi — yillik jahon chuchuk suv olishning taxminan uchdan bir qismi. Besh yil ichida ekstremal suv hodisalarining kamida yarmi va ulardan oʻlimlarning 80% dan ortigʻi Osiyo va Afrikaga toʻgʻri keldi.
Bu Oʻzbekistonga bevosita tegishli. Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xoʻjaligi komissiyasi ma’lumotlariga koʻra, 2026-yil 11-fevral holatiga Amudaryoning suv miqdori oldingi yildagi 101,8% ga nisbatan me’yorning 66,8% ini tashkil etdi. Oʻzbekiston vegetatsiya oraligʻi davrida 2 600,4 mln kubometr — ajratilgan limitning 75,3% ini ishlatdi, Toʻyamoʻyin suv ombori esa bir yil oldingi 4 959 mln ga nisbatan 4 349 mln kubometr toʻpladi.
Kontekst
JMT Afrika va Osiyo gidrologik kuzatuvlar bilan eng kam ta’minlangan mintaqalar boʻlib qolayotganini, vaholanki ular ekstremal hodisalardan boshqalarga qaraganda koʻproq aziyat chekishini ta’kidlaydi. Oʻzbekistonda sugʻorish tarmoqlarining 50 ming km dan ortigʻi va 10 mingdan ortiq gidrotexnika inshootlari bor, suvni onlayn hisobga olish «Suv hisobi» tizimi orqali yuritilishi rejalashtirilgan.