Birinchi bosqichda tomonlar texnik va iqtisodiy tadqiqotlar oʻtkazadi, zarur infratuzilma obyektlarini baholaydi va loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiqligini aniqlaydi. Texnik, iqtisodiy va moliyaviy masalalar boʻyicha ishchi guruh tuzish koʻrib chiqilmoqda. Memorandumda muddatlar, yoʻnalish va qiymat koʻrsatilmagan.

Kontekst

Bu Transafgʻon yoʻlining yangi versiyasi: Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston uni 2018-yildan beri Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar yoʻnalishi boʻyicha muhokama qilib kelmoqda, ammo qurilishni hali boshlamagan: qiymat, xavfsizlik masalalari va investorlar uchun kafolatlarning yoʻqligi toʻsqinlik qilmoqda.

Bu yerda ikki holat oʻzgardi. Birinchisi — loyihaga mintaqaning eng yirik yuk joʻnatuvchisi Qozogʻiston kirdi, endi Hind okeaniga chiqish faqat Oʻzbekistonning emas, umumiy vazifaga aylanmoqda. Ikkinchisi — tashqaridan investor paydo boʻldi: BAA butun mintaqada port infratuzilmasiga sarmoya kiritmoqda va loyihada yetishmagan moliyalashtirishni oʻz zimmasiga olishi mumkin.

Oʻzbekiston uchun asosiy ustuvorlik avvalgidek: hozir yuklar dengizga Eron yoki Xitoy orqali boradi, Afgʻoniston orqali yoʻnalish esa minglab kilometrga qisqa. Afgʻoniston uchastkasi hamon eng muammoli boʻgʻin boʻlib qolmoqda: uni Oʻzbekiston rasman tan olmagan Tolibon hukumati nazorat qiladigan hududda noldan qurish kerak. Biroq Toshkent u bilan ishchi munosabatlarni saqlab turibdi va elchilar almashgan.