Prezidentning PQ-149-son qarori Iqtisodiyot va moliya vazirligi, YETTB va bank oʻrtasida imzolangan hamkorlikning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi kelishuvni, jumladan YETTBning Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olishini inobatga oladi va bank ustav kapitaliga 2026-yilda davlat byudjeti hisobidan 95 million dollar ekvivalentida mablagʻ kiritilishini nazarda tutadi. Hujjatda ulush narxi hamda YETTB va hukumat oʻrtasidagi investitsiya shartnomasining asosiy shartlari belgilanmagan: vazirlik bank bilan birgalikda ular boʻyicha takliflarni jalb qilingan moliyaviy maslahatchi tavsiyasi asosida 2026-yil 1-sentyabrgacha Prezident Administratsiyasiga kiritishi kerak edi.

Bitimdan oldin bank balansidan aktivlar chiqariladi. Asakabank ikki oy ichida qiymati 382,6 mlrd soʻm boʻlgan toʻrtta loyihani va bank ulushlarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga keyinchalik xususiylashtirish yoki tarmoq idoralariga ishonchli boshqaruvga berish uchun topshirishi kerak. Topshirish natijasida kapitalning kamayishini vazirlik bankdagi oʻz kreditlarini ustav kapitaliga aylantirish orqali tiklashga haqli. Bank moliyalashtirishni rejalashtirgan loyihalarning bir qismi UzVC Milliy venchur fondiga oʻtkaziladi va byudjetdan moliyalashtiriladi. 2024–2025-yillar uchun sof foyda taqsimlanmaydi: oddiy aksiyalar boʻyicha dividendlar toʻlanmaydi.

Kontekst

Asakabank 2020-yildan beri xususiylashtirish roʻyxatida: 2020-yil 12-maydagi PF-5992-son farmonda bankni YETTB koʻmagida transformatsiya qilish, davlat ulushini esa 2025-yilda sotish nazarda tutilgan edi. Xuddi shu hujjatda 2025-yilga borib davlat ishtirokisiz banklarning tizim aktivlaridagi ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu muddatlar oʻtib ketdi. Ulush narxi boʻyicha takliflarni kiritish muddati — 2026-yil 1-sentyabr — ham tugagan; tahririyat bu qadam natijalari haqida ommaviy ma’lumot topa olmadi. Sentyabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari oʻrinbosari Alisher Miraliyev «Asakabank» davlat banklari orasida birinchilardan boʻlib xususiylashtirilishi mumkinligini aytdi.